O‘zbekiston va Ozarbayjon 2027-yil uchun harbiy hamkorlik rejasini imzoladi

O'zbekiston

O‘zbekiston va Ozarbayjon 2027-yil uchun ikki tomonlama harbiy hamkorlik rejasini imzoladi. Hujjat ikki mamlakat mudofaa vazirlari — general-leytenant Shuxrat Xalmuxamedov va general-polkovnik Zakir Gasanovning uchrashuvi yakunlari bo‘yicha imzolandi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon 2027-yil uchun harbiy hamkorlik rejasini imzoladi
Uchrashuv 30-sentabr kuni O‘zbekiston Mudofaa vaziri Shuxrat Xalmuxamedovning Bokuga ishchi tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi. Ozarbayjon Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralar 6-Ozarbayjon xalqaro mudofaa ko‘rgazmasi ADEX-2026 doirasida o‘tkazilgan.

Tomonlar O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi harbiy hamkorlik do‘stlik va birodarlik munosabatlariga asoslanganini ta’kidladilar. Shuningdek, hamkorlik ikki davlat qurolli kuchlarini rivojlantirish va mustahkamlashda muhim ekani qayd etildi.

Muzokaralar davomida harbiy, harbiy-ta’lim va harbiy-texnik sohalardagi hamkorlikning joriy holati hamda uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro manfaatdor bo‘lgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Shuxrat Xalmuxamedov ikki mamlakat harbiy xizmatchilarining xalqaro tadbirlar va qo‘shma mashg‘ulotlarda ishtirok etishi, tajriba almashishi hamda do‘stona aloqalarni yo‘lga qo‘yishi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Zakir Gasanov esa o‘zaro tashriflar va uchrashuvlarning ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdagi ahamiyatini qayd etdi.

2027-yil uchun hamkorlik rejasining loyihasi sentabr oyida bo‘lib o‘tgan shtab muzokaralarida avvaldan muhokama qilingan edi. O‘shanda tomonlar harbiy hamkorlikning joriy holati va istiqbollarini ko‘rib chiqib, o‘zaro manfaatdor masalalar yuzasidan fikr almashgan.

Shu tariqa, ikki mamlakat mudofaa vazirliklari 2027-yil uchun ikki tomonlama hamkorlikning keyingi yo‘nalishlarini belgilab oldi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing