O‘zbekiston va Yaponiya TIVlari 2027–2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini imzoladi

Iqtisodiyot

O‘zbekiston va Yaponiya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2027–2028-yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturi imzolandi. Hujjat 18-sentabr kuni Tokioda ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari o‘rtasidagi ikkinchi Strategik muloqot yakunlari bo‘yicha imzolandi.

O‘zbekiston va Yaponiya TIVlari 2027–2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini imzoladi
Muzokaralarda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Yaponiya tashqi ishlar vaziri Tosimitsu Motegi ishtirok etdi. Tomonlar kengaytirilgan strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, ikki tomonlama hamkorlikni barcha yo‘nalishlarda faollashtirish hamda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

“Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatidagi hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro maydondagi aloqalarni kengaytirish va xalqaro hamda mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashishga alohida e’tibor qaratildi. Yaponiya tomoni biznes, muhim minerallar, sun’iy intellekt va Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini rivojlantirish kabi sohalarda hamkorlik salohiyati yuqori ekanini qayd etdi.

Baxtiyor Saidov Yaponiyani O‘zbekistonning ishonchli strategik hamkorlaridan biri sifatida qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, ikkinchi Strategik muloqot ikki mamlakatning kengaytirilgan strategik sheriklikni aniq amaliy natijalar bilan boyitishga intilishini yana bir bor tasdiqladi.

Imzolangan dastur tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi muntazam muloqot va amaliy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. U ikki tomonlama sheriklikni yangi mazmun bilan boyitish va oliy darajada erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirishga xizmat qiladi.

Tomonlar xalqaro masalalarda yaqin hamkorlikni davom ettirish va xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishga kelishib oldi. Shuningdek, kelasi yili O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish muhimligi qayd etildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing