O‘zbekistonda 2027 yildan shifokorlarni tayyorlash tizimi o‘zgartiriladi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 sentyabr kuni tibbiyot va farmatsevtika kadrlari tayyorlash tizimini isloh qilish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi. 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab «Davolash ishi» yo‘nalishini olti yillik bakalavriatning «Umumiy tibbiyot» dasturiga almashtirish taklif etilmoqda.

O‘zbekistonda 2027 yildan shifokorlarni tayyorlash tizimi o‘zgartiriladi
Ta’limning dastlabki besh yili akademik bosqich bo‘lib, oltinchi yil to‘liq amaliy tayyorgarlikka ajratiladi. Bitiruvchilar oilaviy shifokor sifatida ishlashi mumkin bo‘ladi. Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori Shuhrat Boymurodovning ma’lum qilishicha, ta’limning qariyb 70 foizini amaliyot va kasbiy kompetensiyalarni baholashga yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Takliflar Kembridj, Pensilvaniya va Garvard universitetlari tavsiyalari asosida, xorijiy va mahalliy mutaxassislar ishtirokida ishlab chiqilgan. Shifokorlar tayyorgarligini Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Jahon tibbiy ta’lim federatsiyasi talablariga muvofiqlashtirish rejalashtirilmoqda.

Tibbiyot oliygohlariga qabul kvotalari hududlar va tibbiyot muassasalarining ehtiyoji hamda mutaxassislar yetishmovchiligidan kelib chiqib shakllantiriladi. Tibbiyot yo‘nalishlari bo‘yicha davlat buyurtmasini Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlaydi.

O‘zgarishlar tibbiyot xodimlarini tayyorlashning maktabdagi kasbga yo‘naltirishdan rezidenturagacha bo‘lgan barcha bosqichlarini qamrab oladi. Tibbiyot kollejlarida dasturlar, moddiy-texnik baza va amaliyot tizimi yangilanadi, maktablarda esa tibbiyot kasblariga qiziqadigan o‘quvchilar uchun kasbga yo‘naltirish kuchaytiriladi.

Tor mutaxassislarni tayyorlash bosqichma-bosqich rezidenturaga jamlanadi. Mutaxassislikka qarab ta’lim ikki yildan besh yilgacha davom etadi. Rezidentura to‘liq davlat grantlari asosida moliyalashtiriladi.

Shuningdek, oliy ma’lumotli tibbiyot xodimlari har yili kamida 50 kredit, o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari esa 28 kredit to‘plashi kerak bo‘ladi. Kreditlarni kurslar, konferensiyalar, onlayn ta’lim va ish joyidagi malaka oshirish orqali olish mumkin. Tizimni muvofiqlashtirish uchun Uzluksiz kasbiy rivojlanish markazini tashkil etish taklif qilinmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing