O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar xorijda raqobatbardosh bo‘lishi zarur

O'zbekiston

Davlatimiz rahbari Urgut tumanidagi “FERRE GROUP” korxonasining maishiy texnika ishlab chiqarish loyihasi faoliyati bilan tanishdi.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar xorijda raqobatbardosh bo‘lishi zarur
“Urgut” erkin iqtisodiy zonasining O‘ramas massividagi mazkur korxona keyingi yillarda yurtimizda tadbirkorlik subyektlariga yaratilgan qulay imkoniyat va ishonchli investitsiya muhiti natijasida tashkil etilgan zamonaviy ishlab chiqarish majmuasi sanaladi. 

Dastlab xorijdan keltirilgan butlovchi buyumlar asosida bir necha turdagi maishiy texnika vositalarini yig‘ish bilan faoliyat boshlagan korxona bugunga kelib muzlatkich, gaz plita, kichik pech, changyutkich va dudburon, boshqa uy-ro‘zg‘or buyumlari, zamonaviy temir eshiklar ishlab chiqarish bo‘yicha Markaziy Osiyoda mustahkam o‘ringa ega yirik kompaniyaga aylangan. 

Bu yerda “DORSA”, “KLEO”, “FERRE” kabi brendlar ostida “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i bilan tayyorlanayotgan mahsulotlar Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjonga eksport qilinmoqda. Ichki bozordagi raqobat muhitida ham “FERRE” o‘z o‘rnini topgan brendga aylangan. Korxonaning yillik quvvati hozirda o‘rtacha 440 milliard so‘mlik 250 ming dona mahsulotni tashkil etib, bu ko‘rsatkich yil sayin oshib bormoqda. 

Ishlab chiqarish jarayonida EMBRACO, LG, DOW, MIDEA, FEMAS kabi dunyodagi yetakchi kompaniyalar materiallari va butlovchi qismlaridan foydalaniladi. Bugungi kunda korxona mahsulotlarining mahalliylashtirish darajasi qariyb 85 foizni tashkil etadi. 

Loyihaning umumiy qiymati o‘ttiz million AQSH dollari bo‘lib, xorijiy investitsiya va bankning imtiyozlari kreditlari jalb etilgan. Mingga yaqin ish o‘rni yaratilgan. Ishlab chiqarish uskunalari Germaniya, Turkiya, Italiya va Xitoyning eng so‘nggi rusumdagi texnologiyalari hisoblanadi. 

Shavkat Mirziyoyev bu yerdagi ishlab chiqarish jarayonini kuzatdi, korxona mas’ullari va mutaxassislar bilan suhbatlashib, xalqaro standartlarga mos mahsulotlar turini oshirish va xorij bozoridagi o‘rnini yanada mustahkamlash zarurligini ta’kidladi. Bu borada davlat tomonidan yaratib berilgan imkoniyat va imtiyozlardan unumli foydalanish zarurligi qayd etildi. 

O‘z brendiga asos solib, yurtimiz dovrug‘ini dunyoga taratayotgan tadbirkorlar doimo qo‘llab-quvvatlanishi aytildi. Ular qo‘shimcha qiymat yaratib, minglab odamlarni doimiy daromadga ega qilmoqda. 

– Tadbirkorni qo‘llab-quvvatlamasdan yangi O‘zbekistonni barpo qila olmaymiz. Agar sizlar tinimsiz izlanib, birlashsangiz, Samarqandda kambag‘al degan qatlam qolmaydi. Harakatda bo‘lib, O‘zbekiston nomini jahonga tanitishdek imkoniyatga egasiz, – dedi Prezident. 

Davlatimiz rahbari “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida bu kabi ishlab chiqarish korxonalarini ko‘paytirish orqali qo‘shimcha qiymat yaratish va yangi ish o‘rinlari ochishning muhimligini ta’kidlab, mas’ullarga topshiriqlar berdi. 

Shu yerda Prezident investitsiya loyihalari, Samarqand viloyatidagi yetakchi sanoat korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Taqdimotda sog‘liqni saqlash, tog‘-kon sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, texnopark, ipakchilik va metallurgiya yo‘nalishlaridagi qator loyihalar haqida ma’lumot berildi. 

Samarqand shahrida Turkiyaning nufuzli kompaniyalari bilan hamkorlikda davlat-xususiy sherikligi asosida ko‘p tarmoqli shifoxona tashkil etish loyihasi amalga oshiriladi. Ushbu loyiha doirasida 1 ming nafar ish o‘rni yaratiladi.

Bulung‘ur tumanida esa Xitoy kompaniyasi bilan tibbiy preparatlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu loyiha doirasida ham 1 ming nafar odamning bandligi ta’minlanadi. 

Shuningdek, Xitoy kompaniyalari Urgut tumanida ipak tolasi hamda mato ishlab chiqarish, Nurobod tumanida texnopark maxsus sanoat zonasini tashkil etish, Samarqand shahrida po‘latni eritishda foydalaniladigan kimyoviy qotishmalar tayyorlash, Pastdarg‘om tumanida ko‘chma inshootlar yasash kabi loyihalar taqdim etildi. 

Loyihalarni o‘z vaqtida sifatli va tezkor amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing