O‘zbekistonda sun’iy intellekt infratuzilmasi va kadrlar salohiyatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 oktyabr kuni sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish va ularni iqtisodiyot hamda ijtimoiy sohalarga joriy etish masalalari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

O‘zbekistonda sun’iy intellekt infratuzilmasi va kadrlar salohiyatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Davlat rahbari sun’iy intellekt iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqaruvda samaradorlikni oshirish, xizmatlar sifatini yaxshilashning muhim vositasiga aylanganini ta’kidladi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar sohasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Mamlakat sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha xalqaro reytingda 17 pog‘onaga ko‘tarilib, 188 davlat orasida 70-o‘rinni va Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egalladi.

O‘tgan yili “Sun’iy intellektni 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi” tasdiqlandi va Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida maxsus markaz tashkil etildi.

Prezident taqdimotda sohaning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Sun’iy intellekt loyihalarini iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarga joriy etish uchun 50 million dollar ajratildi. 86 ta loyiha sog‘liqni saqlash, ta’lim, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va moliya sohalarini qamrab olgan.

Bundan tashqari, mamlakatni zamonaviy hisoblash quvvatlari bilan ta’minlaydigan superkompyuter klasteri yaratilmoqda.

Prezident ilg‘or milliy va xalqaro tajribalarni o‘rganish, xorijdagi mutaxassislar va xususiy sektor vakillari bilan hamkorlikni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini yaratish va sun’iy intellekt infratuzilmasiga sarmoya kiritish uchun qulay muhit shakllantirish muhimligi qayd etildi.

Kadrlar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Informatika o‘qituvchilarining malakasini oshirish, o‘quv dasturlarini yangilash va yangi avlod darsliklarini yaratish rejalashtirilgan.

“Sun’iy intellektning bir million yetakchisi” milliy dasturi doirasida aistudy.uz va omp.aistudy.uz platformalarida bepul onlayn kurslar ishga tushirilgan. Dastur 2027 yilgacha 1 million nafar yosh mutaxassisni tayyorlashga qaratilgan.

Shuningdek, hududlarda istiqbolli g‘oyalarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash maqsadida xakatonlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Nukusda o‘tgan HealthTech AI Hackathon sog‘liqni saqlash mavzusiga bag‘ishlandi. Shu kabi tadbirlar ta’lim, sud tizimi, suv xo‘jaligi va tadbirkorlik sohalarida ham yo‘lga qo‘yiladi.

Prezident ilgari surilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, sun’iy intellektni joriy etish, kadrlar salohiyatini oshirish va ilg‘or tajribalarni qo‘llash bo‘yicha ishlarni jadallashtirishni topshirdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing