O‘zbekistonda xalqaro darajadagi aeroport qurilmoqda

O'zbekiston

18-iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Toshkent-Sharqiy" aeroportini rekonstruksiya qilish jarayoni bilan tanishdi. Ushbu loyiha mamlakatning yangilanayotgan transport infratuzilmasining muhim tarkibiy qismiga aylanishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda xalqaro darajadagi aeroport qurilmoqda
Tashqi iqtisodiy aloqalar kengayib, investitsiya oqimi ortib borayotgan sharoitda O‘zbekistonda transport tarmog‘ini rivojlantirish iqtisodiy o‘sishning muhim omili sifatida ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lmoqda. "Toshkent-Sharqiy" aeroportini rekonstruksiya qilish tez, xavfsiz va qulay parvozlarni xalqaro standartlarga mos ravishda ta’minlash hamda poytaxtning asosiy xalqaro aeroporti yuklamasini qisman kamaytirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Birinchi bosqich doirasida 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi to‘liq yangilandi. Bu esa har qanday turdagi, hatto eng og‘ir havo kemalarini ham qabul qilish imkonini beradi.

Hozirda rasmiy delegatsiyalarni qabul qilish va biznes-aviatsiya xizmatlari uchun ikki terminal, perron va angar inshootlari qurilmoqda. Aeroport ICAO standartlari bo‘yicha III-A toifali radiotexnik va meteorologik uskunalar bilan jihozlanadi, bu esa yomon ob-havo sharoitida ham ishonchli uchish va qo‘nishni ta’minlaydi.

Yopiq angarlar havo kemalarini xavfsiz va sifatli saqlash hamda texnik xizmat ko‘rsatish imkoniyatini yaratadi.

Qulay geografik joylashuvi tufayli "Toshkent-Sharqiy" nafaqat Toshkent, balki yangi bunyod etilayotgan Yangi Toshkent shahri uchun ham muhim transport markaziga aylanishi kutilmoqda. Loyiha Toshkent viloyatida turizm sohasini rivojlantirish, xorijiy investorlarni qabul qilish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, biznes faollikni oshirish, xizmat ko‘rsatish sohasini faollashtirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.

Davlat rahbari loyiha texnik xususiyatlari va terminal arxitektura yechimlari bilan tanishib, qurilish ishlarini jadallashtirish va xizmat sifatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing