O'zbekistonning Kubadagi birinchi elchisi akkreditatsiyadan o'tdi

O'zbekiston

Nyu-Yorkda rezidensiyaga ega bo‘lgan O‘zbekiston Favqulodda va Muxtor Elchisi Ulug‘bek Lapasov kecha Kuba Prezidenti Migel Mario Dias-Kanel Bermudesga ishonch yorliqlarini topshirdi.

O'zbekistonning Kubadagi birinchi elchisi akkreditatsiyadan o'tdi
Migel Bermudes Kuba va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hurmat va manfaatlarni inobatga olish tamoyillariga asoslangan aloqalarga katta e’tibor qaratilishini ma'lum qildi.

Kuba hukumati Toshkent bilan siyosiy muloqotni kuchaytirish va keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga yuqori darajada qiziqish bildirayotganini alohida aytib o'tdi.

Kuba Prezidenti ikki tomonlama hamkorlikni savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, sog‘liqni saqlash va turizm sohalarida yanada chuqurlashtirish uchun ulkan resurslar va foydalanilmagan salohiyat mavjudligini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida Migel Bermudes O‘zbekiston Prezidentiga hurmat va eng yaxshi tilaklarini yetkazishni so‘radi.

Ulug‘bek Lapasov Gavanada bo‘lib turgan vaqtida Kuba milliy qahramoni Xose Marti yodgorligiga gulchambar qo‘ydi hamda Tashqi ishlar vazirligi, Parlament, Sog‘liqni saqlash vazirligi, biotexnologiya va farmatsevtika sanoati guruhiga qarashli "BioCubaPharma" kompaniyasida uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazdi.

O‘zbekiston va Kuba o‘rtasida diplomatik munosabatlar 2006-yil 13-martda o‘rnatilgan. Ulug‘bek Lapasov 18 yil ichida Kubadagi birinchi O‘zbekiston elchisi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, u 2023-yil 3-avgust kuni Nyu-York shahrida joylashgan O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili etib tayinlangan edi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing