Pedro Martinyo xalqaro riteyldagi uch o‘n yillik tajribadan so‘ng Korzinkaga rahbarlik qildi

Biznes

Pedro Martinyo Korzinka supermarketlar tarmog‘ini boshqaruvchi Anglesey Food kompaniyasining bosh direktori etib tayinlandi. U Yevropadagi oziq-ovqat riteylidagi uzoq yillik faoliyatidan so‘ng Toshkentga ko‘chib kelib, 2026-yil 2-sentabrdan rasman o‘z vazifasiga kirishdi.

Pedro Martinyo xalqaro riteyldagi uch o‘n yillik tajribadan so‘ng Korzinkaga rahbarlik qildi
Tayinlov kompaniya direktorlar kengashi o‘tkazgan xalqaro qidiruv yakunlariga ko‘ra amalga oshirildi. Martinyo Polsha, Portugaliya, Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Ozarbayjondagi yirik oziq-ovqat chakana savdo kompaniyalarida 30 yildan ortiq tajribaga ega.

Uning faoliyatining muhim qismi Polshaning Eurocash Group bilan bog‘liq. Martinyo 2003-yilda guruh rahbariyati tarkibiga qo‘shilgan va yigirma yildan ortiq vaqt davomida uning chakana savdo hamda distribyutsiya yo‘nalishlarini rivojlantirishda ishtirok etgan. Faoliyati davomida u savdo tarmoqlari, franchayzing, ta’minot zanjirlari, merchandayzing va raqamli yechimlar bilan bog‘liq yo‘nalishlarda ishlagan. Shuningdek, u Polshadagi yirik onlayn oziq-ovqat riteylerlaridan biri Frisco.pl’da rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Korzinka asoschisi va direktorlar kengashi raisi Zafar Hoshimov yangi rahbarning xalqaro tajribasi kompaniya rivojlanishining navbatdagi bosqichida muhim ahamiyatga ega bo‘lishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Martinyo o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida jadal rivojlanayotgan bozorlardagi chakana savdo kompaniyalarini kengaytirish va rivojlantirish jarayonlarida qatnashgan.

Pedro Martinyo esa O‘zbekistonni iqtisodiyoti va iste’mol talabi o‘sib borayotgan, uzoq muddatli salohiyati katta bozorga aylanganini qayd etdi. U direktorlar kengashi va kompaniya jamoasi bilan hamkorlikda mamlakatdagi zamonaviy oziq-ovqat chakana savdosini yanada rivojlantirishni maqsad qilganini bildirdi.

Korzinka’ning avvalgi bosh direktori Rud Pedersen 2025-yil sentabrida oilaviy sabablarga ko‘ra lavozimini tark etgan edi. O‘tish davrida bosh direktor vazifasini uning birinchi o‘rinbosari Akmal Asadov vaqtincha bajardi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing