Prezident Administratsiyasining Nazorat inspeksiyasi faoliyatini tugatish bo‘yicha topshiriq berdi

O'zbekiston

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Prezident Administratsiyasi huzuridagi Nazorat inspeksiyasini zudlik bilan tugatish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Ushbu qaror selektor yig‘ilishida e’lon qilindi.

Prezident Administratsiyasining Nazorat inspeksiyasi faoliyatini tugatish bo‘yicha topshiriq berdi
Muhokamalar doirasida yig‘ilishda Prezident Administratsiyasi Nazorat inspeksiyasi faoliyati keskin tanqid qilindi. Davlat rahbari tuzilma o‘ziga yuklatilgan vakolatlarni oqlamayotganini, o‘zining asosiy vazifasi - topshiriqlar ijrosi sifatini nazorat qilish va tizimdagi uzilishlarga javob bermayotganini ta’kidladi.

"Nazorat inspeksiyasiga nima uchun shuncha vakolat berilgan? Vazirlarga yaxshi ko‘rinish uchun, ular nimani bersa, shuni ko‘tarib kelmasdan, masalalarni o‘rganib, aybdorlarni jazolash bo‘yicha nega taklif kiritmaydi?," - dedi Prezident.

Aniqlangan kamchiliklar sababli bugundan boshlab Nazorat inspeksiyasini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shavkat Mirziyoyevning ma’lum qilishicha, eskicha yondashuv o‘rniga aholi murojaatlari bilan ishlash va topshiriqlar ijrosini nazorat qilish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Endi ijro intizomi va qarorlar ijrosi samaradorligini baholash bo‘yicha asosiy mas’uliyat Hisob palatasiga yuklatiladi. Uning vakolatlari sezilarli darajada kengaytiriladi.

"Hisob palatasi raisi har oyda Prezidentga har bir qaror natijadorligi tahlilini kiritib, zaif bo‘g‘inlar, samarasiz tizimlar va o‘z vazifasini uddalay olmayotgan rahbarlarni aniqlab boradi," - deya ta’kidladi davlat rahbari.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing