O‘zbekiston avtobuslarida naqd pul bilan to‘lash to‘xtatiladi

O'zbekiston

2025-yil 1-yanvardan boshlab, O‘zbekistonda avtobuslarda yo‘lovchilar naqd pul bilan to‘lov amalga oshira olmaydi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vaziri Ilhom Mahkamov ma’lum qildi.

O‘zbekiston avtobuslarida naqd pul bilan to‘lash to‘xtatiladi
Unga ko‘ra, yo‘lovchilar bekatlardagi terminallardan yoki QR-kod orqali bilet xarid qilishi mumkin bo‘ladi. Ayni paytda ushbu tizim Toshkentda sinovdan o‘tkazilmoqda. Yangi o‘rnatiladigan uskunalar orqali QR-kodni skanerlash mumkin bo‘ladi va kelgusida konduktorlar kerak bo‘lmaydi.

Shuningdek, vazir O‘zbekistonda yaqin kelajakda jamoat transporti tizimini yangilash rejalari haqida gapirdi. Yaqin orada mamlakatga 1294 ta yangi avtobus olib kelinishi kutilmoqda, ularning asosiy qismi elektrobuslar bo‘lib, Toshkent va Samarqand shaharlarida harakatlanadi. 2030-yilgacha avtobuslar soni 5000 taga yetkazilishi, ulardan 2000 tasi elektrobuslar bo‘lishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, jamoat transportida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish ishlari ham olib borilmoqda. Yirik shaharlarda maxsus jamoat transporti yo‘laklari va yo‘lovchilar uchun qulayliklarni oshirishga qaratilgan choralar ko‘rilmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing