Qirg‘iziston o‘zining ilk milliy sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqardi

Texnologiya

Qirg‘iziston o‘zining ilk milliy sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqardi. Qurilma 1-oktabr kuni AQShning Kaliforniya shtatidagi Vandenberg bazasidan SpaceX kompaniyasining Falcon 9 raketa tashuvchisi yordamida uchirildi. Marosimda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov AQShga ishchi tashrifi doirasida ishtirok etdi.

Qirg‘iziston o‘zining ilk milliy sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqardi
Sun’iy yo‘ldosh bitta raketa tashuvchisi yordamida orbitaga chiqarilgan boshqa kosmik apparatlar guruhi tarkibida joylashtirildi. Uni uchirish Qirg‘iziston va Birlashgan Arab Amirliklarining qo‘shma hamkorligi natijasida amalga oshirildi. Qurilmani boshqarish Bishkekdagi Boshqaruv markazidan olib boriladi.

Yangi sun’iy yo‘ldosh Qirg‘izistonga kosmik ma’lumotlardan turli sohalarda foydalanish imkonini beradi. Olingan ma’lumotlar qishloq xo‘jaligi yerlari, muzliklar, suv obyektlari, o‘rmonlar va yaylovlarni monitoring qilish, shuningdek, tabiiy ekotizimlardagi o‘zgarishlarni kuzatish uchun ishlatiladi.

Kosmik ma’lumotlar yer osti boyliklaridan noqonuniy foydalanish, ruxsatsiz chiqindi poligonlari va boshqa ifloslanish manbalarini aniqlashga yordam beradi. Shuningdek, ular logistika yo‘nalishlarini optimallashtirishda qo‘llanadi.

Shu tariqa, Qirg‘izistonning ilk milliy sun’iy yo‘ldoshi mamlakatga tabiiy resurslar, atrof-muhit va iqtisodiy jarayonlarni monitoring qilish uchun qo‘shimcha ma’lumotlar olish imkonini beradi. Qurilmani boshqarish Bishkekdan amalga oshiriladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing