Qoraqalpog‘istonda karbon kreditlaridan yiliga 100 million dollargacha daromad olish rejalashtirilmoqda

Iqtisodiyot

Qoraqalpog‘istonda karbon kreditlari mexanizmini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Ushbu mexanizm hududga yiliga 50–100 million dollar daromad keltirishi mumkin. Shuningdek, yil yakunigacha Orolbo‘yidagi 50 ming gektar maydonda «o‘rmon karbon krediti» dasturini boshlash vazifasi qo‘yildi.

Qoraqalpog‘istonda karbon kreditlaridan yiliga 100 million dollargacha daromad olish rejalashtirilmoqda
Iqlim o‘zgarishi sharoitida issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Mutasaddilarga bir oyda karbon kreditlari mexanizmini ishga tushirish hamda Yaponiya, Koreya, AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya va Avstraliya bilan muzokaralar o‘tkazish topshirildi. Kreditlar eksportidan tushadigan mablag‘lar infratuzilmaga ajratiladigan mablag‘larga qo‘shimcha bo‘lib, Qoraqalpog‘istonning o‘zida qoladi.

Geologik qidiruv ishlarini kengaytirish ham belgilandi. Hozircha hududning atigi 20 foizida geologiya ishlari o‘tkazilgan. Qorao‘zakdagi «Urusoy» koniga xitoylik investor 33 million dollar sarmoya va texnologiya kiritib, 200 gektarda 4 tonna oltin zaxirasini aniqladi va 320 ta ish o‘rni yaratdi. Oltin qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha 1 ming ish o‘rinli klaster tashkil etish hamda konlar zaxiralarini qayta baholash topshirildi.

Qo‘ng‘irotda har yili 1 million tonna texnik tuz qayta ishlanmasdan sotilmoqda. «Kuskanatau» konida mirabilitdan yiliga 45 ming tonna natriy sulfat, astraxanitdan esa magniy sulfat olish mumkin. Germaniya kompaniyasi Beruniydagi kvarsit koniga 30 million dollar kiritib, kristall kremniy ishlab chiqarish va yiliga 25 million dollarlik eksportni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Hududda «xomashyo — tayyor mahsulot — eksport» zanjiri asosida loyihalar shakllantiriladi. To‘qimachilik va charm sanoatida kamida 150 million dollarlik, elektrotexnikada 200 million dollarlik, energiya tejamkor qurilish materiallarida 100 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi. Nukusda 120 million dollarlik avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarish, farmatsevtikada esa 50 million dollarlik loyihalar yo‘lga qo‘yiladi.

Italiyaning «Bonifika Ferrarizi» kompaniyasi bilan Taxtako‘pirda 50 million dollarlik loyiha boshlanadi. 2 ming gektarda pomidor va g‘alla yetishtirilib, chuqur qayta ishlanadi va Yevropaga eksport qilinadi.

15-oktabrgacha tumanlarda «road show»lar o‘tkaziladi. Kelasi yili Qoraqalpog‘istonga 5 milliard dollar investitsiya jalb qilish, shuningdek, 2–3 ming yuqori daromadli ish o‘rni yaratish vazifasi belgilandi.

Aholi bandligi va daromadlarini oshirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. 2 ming tadbirkor uch yilda 2 trillion 145 milliard so‘mlik kreditni o‘z vaqtida qaytardi. Ishonchli mijozlar uchun 300 milliard so‘mlik kredit liniyasi 16 foiz stavkada ochiladi. Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi 4 foizni qoplagach, tadbirkor uchun stavka 12 foizni tashkil etadi. Qolgan sakkiz bankka ham shu kabi mahsulotlarni ishlab chiqish topshirildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing