Ramzan Qodirovning 24 yoshli qizi Bosh vazirga o‘rinbosar bo‘ladi

Dunyo

U bunga qadar Madaniyat vazirligini boshqarib kelayotgandi. Checheniston rahbariga koʻra, endi u Bosh vazir oʻrinbosari bilan lavozim almashadi.

Ramzan Qodirovning 24 yoshli qizi Bosh vazirga o‘rinbosar bo‘ladi
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Checheniston hukumati raisining o‘rinbosari lavozimiga qizi Ayshat Qodirovaning nomzodini ma’qulladi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozgan.

“Uchrashuvda [Checheniston hukumati raisi] Muslim Magomedovich [Xuchiev] Checheniston Respublikasi Madaniyat vaziri lavozimini egallab kelgan Ayshat Qodirovani Checheniston hukumati raisining oʻrinbosari lavozimiga tayinlash taklifini kiritdi”, dedi Qodirov va taklifni qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

Ayshat Qodirova respublika Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirishga katta hissa qo‘shganini, ish tajribasini to‘plaganini ta’kidladi.

Checheniston hukumati raisining o‘rinbosarlari parlament roziligi bilan hudud rahbari tomonidan tayinlanadi.

“Checheniston Bosh vazirining sobiq o‘rinbosari Musa Dadaev Ayshat Qodirova iste’foga chiqqanidan keyin Checheniston Madaniyat vazirligini boshqarishi kerak”, deya qo‘shimcha qildi Ramzan Qodirov.

Ayshat Qodirova 24 yoshda. 2020-yil sentyabr oyida Checheniston rahbari uni respublika Madaniyat vaziri o‘rinbosari etib tayinlagandi. Bir yildan sal ko‘proq vaqt o‘tib esa vazirlikni boshqarish unga topshirildi.

2021-yil dekabr oyida Ayshat Qodirova “Inson huquqlarini himoya qilgani uchun” medali bilan taqdirlangan. U ushbu mukofotga "fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va manfaatlarini himoya qilish, respublikaning ijtimoiy va madaniy hayotini rivojlantirish" va "chechen xalqining madaniy va tarixiy merosini saqlash va ommalashtirishga qo'shgan hissasi" uchun sazovor bo'ldi. Keyinchalik u "Chechenistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi" unvoniga sazovor bo'ldi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing