Rossiyada O'zbekistondan kelgan mehnat migrantlarining soni tobora kamayib bormoqda

O'zbekiston

O'zbekistondan Rossiyaga mehnat migratsiyasi to'rt baravar kamaydi. Bu haqda BFM.ru axborot resursi O’zbekiston prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadovga tayanib xabar berdi.

Rossiyada O'zbekistondan kelgan mehnat migrantlarining soni tobora kamayib bormoqda
Qayd etilishicha, Sherzod Asadovning so'zlariga ko'ra, 2016-yildan beri O'zbekistondan Rossiya Federatsiyasiga ishlashga ketayotganlar soni 4-6 milliondan 1 million kishiga kamaydi. Sherzod Asadov o'zbek migrantlari oqimining bunday qisqarishini respublikada "amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar samaradorligi" bilan bog'ladi.

O'zbekistondagi islohotlarni haqiqatan ham samarali deb atash mumkin, ammo bu raqamlar haqiqatga to'g'ri kelmaydi, deydi migratsiya bo'yicha mutaxassis Vadim Kojenov.

"O'zbekistondan kelgan migrantlar soni yildan-yilga kamayib bormoqda. Aftidan, eng katta ko'rsatkich 2017–2018-yillarda 2,5 millionni tashkil etgan edi. Keyin ularning prezidenti o'zgardi, u yerda juda jiddiy islohotlar o'tkazildi va iqtisodiyot juda kuchli o'sishni boshladi. Va pandemiyadan keyin Rossiya Federatsiyasiga O'zbekistondan kelgan fuqarolar soni yiliga 100–150 ming atrofida kamayib borayotganini ko'rmoqdamiz, chunki u yerda iqtisodiyot haqiqatan ham o'smoqda. Va ko'pchilik bu yerda biroz ishlab, orqaga qaytamiz qabilida fikr yuritishmoqda. Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi fuqarolaridan fuqarolikka arizalar soni ikki baravar kamayganini alohida ta'kidlash joiz. Aytmoqchimanki, ular Rossiya pasportiga unchalik qiziqmay qo’ydilar. Migrantlarning soni qisqarmoqda, lekin uncha ko’p emas, bu juda katta qisqarish emas. Bu yerga hanuzgacha qariyb 2 million O‘zbekiston fuqarosi kelib mehnat qilmoqda, ularning mamlakatida esa 33 million aholi istiqomat qiladi, ya’ni mamlakat aholisining qariyb 7-8 foizi Rossiyada. Qirg'iziston fuqarolaridan farqli o'laroq, O'zbekistondan ayollar unchalik faol kelishmaydi, O'zbekistondan asosan erkaklar keladi", — dedi u.

O'z navbatida, Sankt-Peterburg o‘zbek milliy-madaniy avtonomiyasi prezidenti Suratbek Abdurahimov o'zbekistonlik migrantlar hozirda ko'proq pul to'laydigan Yevropa, Turkiya yoki yaqin Sharqda pul ishlashni afzal ko'rishlarini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, Rossiyada o'zbeklarning ish haqi Toshkentdagi ish haqiga teng bo’lib qolgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing