Saida Mirziyoyeva Qatarda «O‘zbekiston: Harakatdagi meros» ko‘rgazmasini ochdi

Dunyo

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchisi Saida Mirziyoyeva Qatar muzeyi Islom san’ati muzeyida Shayxa Al-Mayassa bint Hamad bin Xalifa Ol Soniy bilan birgalikda «O‘zbekiston: Harakatdagi meros» ko‘rgazmasining ochilishida ishtirok etdi. Ekspozitsiyadan O‘zbekiston muzeylari va Qatar kolleksiyalaridagi noyob eksponatlar o‘rin olgan bo‘lib, ular mamlakat tarixini islomdan oldingi davrdan to zamonaviy kungacha qamrab oladi.

Saida Mirziyoyeva Qatarda «O‘zbekiston: Harakatdagi meros» ko‘rgazmasini ochdi
Ko‘rgazmada Somoniylar va Temuriylar davriga oid materiallar, shuningdek, an’anaviy hunarmandchilik va to‘qimachilik san’ati namunalari namoyish etilgan. Loyiha Qatar aholisi va mehmonlarini O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi bilan tanishtirish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi gumanitar aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan.

Tadbir doirasida «Ektashif Uzbekistan» ko‘rgazmasi ham ochildi. U yetti nafar qatarlik hunarmandning Toshkent, Samarqand va Buxoroga ijodiy safari yakunlari asosida tashkil etilgan.

Safar davomida hunarmandlar O‘zbekistonning madaniy an’analari bilan tanishib, ulardan ilhomlangan holda o‘z ijodiy ishlarini yaratgan. Ekspozitsiyada zargarlik buyumlari, gilamlar, qadimiy xattotlik uslubida yaratilgan asarlar hamda safar davomida olingan fotosuratlar namoyish etilmoqda.

Ikki ko‘rgazma O‘zbekiston merosini muzey kolleksiyalari va qatarlik ustalarning zamonaviy ijodiy ishlari orqali taqdim etadi. Loyihalar O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing