Samarqand kosmik yuksalishga tayyorlanmoqda

Texnologiya

2028-yilda Samarqand jahon kosmik sanoati yetakchilarini birlashtiradigan maydonga aylanishi mumkin. Xalqaro Astronavtika Kongressiga Ilon Mask va Jeff Bezosni taklif etish rejalashtirilmoqda, forumda esa dunyoning turli mamlakatlaridan 10 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.

Samarqand kosmik yuksalishga tayyorlanmoqda
2028-yilda Samarqand Xalqaro Astronavtika Kongressiga mezbonlik qiladi — bu global kosmik sohadagi eng yirik tadbirlardan biridir. O‘zbekiston ushbu forumni o‘tkazish huquqini 2025-yil oktyabr oyida Sidney shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda xalqaro ekspertlar qaroriga ko‘ra qo‘lga kiritdi.

«O‘zbekkosmos» agentligi direktorining o‘rinbosari Muhiddin Ibragimov O’zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida kongressga SpaceX asoschisi Ilon Mask hamda Blue Origin asoschisi Jeff Bezosni taklif etish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, jahon kosmonavtikasining boshqa yetakchi vakillariga ham rasmiy taklifnomalar yuboriladi.

Tadbirda 10 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda. Kongressning Samarqandda o‘tkazilishi O‘zbekistonning kosmik sohadagi yutuqlari va xalqaro maydondagi obro‘sining e’tirofi sifatida baholanmoqda. Keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari yaqin ikki yil ichida boshlanadi.

Mutaxassislar forum sezilarli iqtisodiy samara berishini prognoz qilmoqda. Avstraliyada o‘tkazilgan shunga o‘xshash tadbir mamlakat iqtisodiyotiga qariyb 27 million dollar daromad keltirgan. Samarqandda ham xorijiy delegatlar oqimi turizm, xizmatlar va tadbirkorlik sohalarida o‘sishga turtki berishi kutilmoqda.

Bo‘lajak kongressda AQSh, Xitoy, Hindiston, Rossiya va Yevropa davlatlarining soha tashkilotlari ishtirok etishini allaqachon tasdiqlagan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing