Saudiya Arabistoni, Yaponiya va Koreya investorlari poytaxt viloyatida o‘ta zamonaviy aeroport barpo etadi

Biznes

Markaziy Osiyodagi eng yirik o‘ta zamonaviy aviatsiya uzelining barpo etilishi O‘zbekistonning transport-logistika salohiyatini jahon darajasidagi tranzit bosqichiga olib chiqadi hamda har qanday ob-havo sharoitida barcha turdagi havo kemalarini qabul qilishni ta’minlaydi. Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF-2026) doirasida “Uzbekistan Airports” AJ va Saudiyaning “Vision International Investment” kompaniyasi o‘rtasida “Yangi Toshkent” xalqaro aeroportini qurish va undan foydalanish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik (DShF) to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Dastlabki bosqichda qiymati qariyb 3 milliard dollar bo‘lgan loyiha Saudiya Arabistoni, Yaponiya va Koreya Respublikasining yetakchi kompaniyalari konsorsiumi hamkorligida amalga oshiriladi. Transport vazirligi shartlariga ko‘ra, yangi obyekt 35 yil muddatga xususiy sherik boshqaruviga topshiriladi.

Saudiya Arabistoni, Yaponiya va Koreya investorlari poytaxt viloyatida o‘ta zamonaviy aeroport barpo etadi
Maydoni 1310 gektar bo‘lgan ulkan majmua 2026–2030-yillarda O‘rtachirchiq va Quyichirchiq tumanlari hududida qad rostlaydi. Yangi yo‘lovchi terminali amaldagi poytaxt aeroporti maydonidan to‘rt barobar katta bo‘ladi: uning boshlang‘ich o‘tkazuvchanlik quvvati yiliga 20 million yo‘lovchini tashkil etadi, kelajakda esa bu ko‘rsatkich 46 millionga yetkaziladi. Infratuzilma bir vaqtning o‘zida parvozlarni amalga oshirish uchun ikkita mustaqil uchish-qo‘nish yo‘lagini (soatiga 30 dan ortiq parvoz operatsiyalari), samolyotlar uchun 160 dan ortiq turgoh joyi va 40 dan ortiq teleskopik traplarni, shuningdek, ro‘yxatdan o‘tish va yuklarni qayta ishlashning intellektual raqamli tizimlarini o‘z ichiga oladi. Uzelni milliy tarmoqqa integratsiya qilish uchun aeroportga uni poytaxt va hududlar bilan bog‘laydigan maxsus avtomobil va temir yo‘l magistrallari olib kelinadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing