Shahram G‘iyosovning ayiq bilan kurashi tanqidlar ostida qoldi

Sport

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda taniqli bokschi, jahon chempioni va Olimpiada kumush medali sovrindori Shahram G‘iyosovning ayiq bilan kurashayotgani tasvirlangan video tarqaldi. Mazkur rolik jamoatchilikda keng muhokamalarga sabab bo‘lib, ko‘pchilikning tanqidiga uchradi.

Shahram G‘iyosovning ayiq bilan kurashi tanqidlar ostida qoldi
Videoda G‘iyosovning ayiq bilan kurashayotgani, yirtqichni bir necha bor yiqitgani, ayni paytda ayiqni boshqa bir kishi jilovidan ushlab turgani ko‘rsatilgan. Ushbu harakatlar ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan “jirkanch”, “daxshatli” va “hayvonlar ustidan kulish” sifatida baholandi. Video tezda o‘chirib tashlangan bo‘lsa-da, boshqa platformalarda keng tarqalib ulgurdi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi mazkur holatni o‘rganishni boshlaganini ma’lum qildi. Ular hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatni qoralashlarini ta’kidlab, bu kabi harakatlar qonunchilikda belgilangan jazoga olib kelishini eslatdi.

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-yanvardan kuchga kiradigan qaroriga ko‘ra, ayiqlarni yarim erkin sharoitda yoki sun’iy yaratilgan yashash muhitida saqlash va ulardan sirk tomoshalari uchun foydalanish taqiqlanadi. Bu taqiq hozirgi holatga ham taalluqli bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Shahram G‘iyosovning mashg‘ulot o‘tkazgan "Buka Gym" sport zali ham o‘z pozitsiyasini bildirdi. Ular ushbu video ularning loyihasi emasligini va xodimlarining suratga olishda ishtirok etmaganini ta’kidlab, bu kabi holatlarni qoraladi. Shuningdek, kompaniya hayvonlarni himoya qilish tarafdori ekanliklarini bildirib, jamoatchilikdan kechirim so‘radi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing