Shavkat Mirziyoyev Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yubiley majlisida ishtirok etdi

Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Moskva shahrida kuzatuvchi davlat rahbari sifatida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yubiley majlisida ishtirok etdi. Bu haqda davlatimiz rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining yubiley majlisida ishtirok etdi
Ma’lum qilinishicha, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan raisligida o‘tgan uchrashuvda Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, kuzatuvchi davlat rahbari sifatida Kuba Respublikasi Prezidenti Migel Dias-Kanel, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi hay’ati raisi Bakitjan Sagintayev hamda mehmon sifatida MDH bosh kotibi Sergey Lebedev qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ustuvor yo‘nalishlarda qo‘shma dasturlarni amalga oshirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

YOII mamlakatlari bilan savdodagi to‘siq va cheklovlarni o‘zaro bartaraf etishga tayyorlik bildirildi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston 2009 yildagi Tovarlarning kelib chiqish mamlakatini aniqlash qoidalariga qo‘shilish jarayonini boshladi.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi organlari bilan quyidagi muhim yo‘nalishlardagi hamkorlikni kengaytirish zarurligini qayd etdi:

Yevroosiyo Agroekspressini rivojlantirish, “yashil” va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, qo‘shma agrosanoat klasterlari va logistika markazlarini tashkil etish;

iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini yengib o‘tishda umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish va yaqindan hamkorlik qilish. Tegishli Ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishlaridan birini O‘zbekistonda o‘tkazish taklif qilindi;

mamlakatlarimizda mehnat migrantlari faoliyati uchun qulay sharoitlarni shakllantirish va ijtimoiy kafolatlar yaratish, shu jumladan raqamli platformalardan foydalanish orqali;

turizm almashinuvini tubdan oshirishga qaratilgan birgalikdagi turizm dasturlari va mahsulotlarini ishlab chiqish.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing