Sobiq futbolchi Mixail Kavelashvili Gruziya prezidenti etib tayinlandi

Dunyo

Gruziya yangi prezidenti etib sobiq futbolchi, “Gruziya orzusi” hukmron partiyasidan vakil Mixail Kavelashvili tayinlandi. Ayrim gruzin ommaviy axborot vositalari uni Rossiyaparast siyosatchi deb atamoqda.

Sobiq futbolchi Mixail Kavelashvili Gruziya prezidenti etib tayinlandi
Kavelashvilining tayinlanishi sababli Tbilisidagi parlament binosi oldida ertalabdan norozilik namoyishlari boshlandi, bino atrofini politsiya o‘rab oldi.

Gruziyada prezident endi fuqarolar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylanmaydi. 2017-yilda qabul qilingan konstitutsiyaviy o‘zgarishlarga ko‘ra, davlat rahbarini deputatlar va mahalliy siyosatchilarni o‘z ichiga olgan maxsus kollegiyaning 300 nafar a’zosi saylaydi. Opozitsiya parlament saylovlari natijalarini tan olmay, ovoz berishni boykot qildi va hukmron partiyani soxtalashtirishda aybladi.

Gruziyada vaziyat tarangligicha qolmoqda: noyabr oxiridan beri “Gruziya orzusi” partiyasining Rossiyaparast siyosatiga qarshi norozilik namoyishlari har kuni o‘tkazilmoqda. Bu namoyishlar ko‘pincha politsiya bilan to‘qnashuvlar bilan yakunlanmoqda. Namoyishlarga javoban hukumat yig‘ilishlarda niqob taqishni va pirotexnika ishlatishni taqiqladi.

Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarini 2028-yilgacha kechiktirish qaroridan so‘ng, Yevropaparastlarning noroziliklari yanada faollashdi.

Amaldagi prezident Salome Zurabishvili, vakolat muddati tugayotgan bo‘lishiga qaramay, o‘z lavozimini tark etmasligini va vakolatlarni Kavelashviliga topshirmasligini ma’lum qildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing