Telegram Rossiya sanksiyalari tufayli $500 mln yo‘qotdi

Biznes

Messenjerdagi $500 mln miqdoridagi obligatsiyalar Rossiya Milliy hisob-kitob depozitariyida (NRD) bloklangan. Kompaniya investorlarni ta’minlab, qarzlarni belgilangan muddatda to‘lashini aytdi.

Telegram Rossiya sanksiyalari tufayli $500 mln yo‘qotdi
The Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, Telegramning o‘z qarzini qayta sotib olish uchun chiqarilgan obligatsiyalaridan taxminan $500 mln NRDda bloklangan. 2022 yildagi Ukraina voqealari ortidan AQSh, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya tomonidan kiritilgan sanksiyalar NRD faoliyatini chekladi va bu sababli messenjerdagi qimmatli qog‘ozlar muzlatildi.

Telegram asoschisi Pavel Durov uzoq vaqtdan beri Rossiyadan masofa saqlamoqda. U kompaniya bosh qarorgohini Dubayga ko‘chirdi va Moskvaning unga ta’siri yo‘qligini ta’kidladi. Durov ilgari «VKontakte» foydalanuvchilari ma’lumotlarini Rossiya maxsus xizmatlariga bermagan, o‘z ulushini sotgan va 2014 yilda mamlakatni tark etgan.

Blokirovka bo‘lsa-da, Telegram obligatsiya egalari oldida qarzlarni belgilangan muddatda to‘lashni va’da qilgan. Shu bilan birga, Rossiyadagi obligatsiyalar egalarining pullarni olish imkoniyati depozitar va to‘lov agentining qaroriga bog‘liq.

Telegram ilgari o‘z qarzini qayta sotib olish uchun bir nechta obligatsiyalar chiqarib kelgan — 2025 yil may oyida kompaniya $1,7 mlrd qiymatida obligatsiyalarni joylashtirgan. 2026 yilda to‘lanishi kerak bo‘lgan qarzlarning aksariyati sotib olingan, lekin $500 mln miqdoridagi qismi endi bloklangan.

Rossiyadagi muammolar foydalanuvchilarga ham ta’sir ko‘rsatdi: 2025 yil yozidan boshlab Telegram Rossiya hududida vaqti-vaqti bilan ishlamay qolgan. Roskomnadzor buni «jinoyatchilarga qarshi kurash» bilan izohladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing