Tibbiyotda xalqaro hamkorlik rivojlanmoqda

O'zbekiston

Farg‘onadagi Markaziy Osiyo xalqaro tibbiyot universiteti mamlakatda malakali shifokorlar tayyorlaydigan yirik oliy o‘quv yurti sifatida tanilgan. Bu yerda ta’lim va ilm barobar olib boriladi.

Tibbiyotda xalqaro hamkorlik rivojlanmoqda
Osiyo, Yevropa, Amerika qit’asidagi dunyoning sara tibbiyot universitetlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik o‘rnatib, zamonaviy davolash uslublarini takomillashtirishga salmoqli hissa qo‘shib kelyapti. Mana endi Farg‘onada, Markaziy Osiyo xalqaro tibbiyot universitetining o‘zida yirik ilmiy amaliy anjuman tashkil etildi. Unda 30dan ziyod mamlakat universitet va tibbiyot markazi olimlarining 2000 ga yaqin ilmiy ishlanmalari taqdim etildi.

– Hurmatli Prezidentimiz yaqinda tibbiyot xodimlari bilan uchrashdilar. Unda tibbiyot sohasida raqamlashtirish, sun’iy intellektdan foydalanish vazifalari yuklatildi, – deydi Markaziy Osiyo xalqaro tibbiyot universiteti rektori Nurillo Mamasodiqov. – Bo‘lib o‘tgan anjuman doriasida “Ibn Sino izdoshlari” shiori ostida turk do‘stlarimiz bilan konferensiya ham tashkil etdik. Tibbiyotdagi islohotlarga binoan, kattalar va bolalar davolovchi shifokorlarini umumlashtirib, uning negizida tibbiyot fakultetini tuzish vazifasi yuklatilgan edi. Chet ellik hamkorlarimizda bu borada ijobiy tajribalar mavjud. Biz undan samarali foydalanishga kelishdik.  

– O‘zbekiston tibbiyot uchun malakali mutaxassislar tayyorlashda katta yutuqlarga erishdi. Buni Farg‘onadagi xalqaro universitet misolida ham ko‘rish mumkin, – deydi Istanbuldagi Nishantashi universiteti vitse-rektori Yese Saliho‘g‘lu. – O‘quv va amaliy mashg‘ulotlar uchun eng zamonaviy jihozlar, stimulatsiya imkoniyatlari yaratilgan. Qolaversa, bu yerda tibbiyot fani rivojlanib boryapti. Konferensiya nufuzi buning isboti. Shuning uchun ham Istanbuldagi Nisashantashi universiteti Farg‘onadagi Markaziy Osiyo xalqaro tibbiyot universitetini eng yaqin hamkor sifatida tanladi.

Mazkur o‘quv yurtidagi mutaxassis tayyorlash uslub va sharoitlari, ilmiy - tadqiqot laboratoriyalari bilan tanishgan anjuman ishtirokchilari bugun hamkorlikni davom ettirishga qaror qildilar. Bunda ta’lim, ilm-fan, amaliyot yo‘nalishlariga urg‘u berildi.

Turkiyada eng mashhur davolash klinikalariga ega Istanbul Nishantashi universiteti ilmiy-amaliy konferensiyada eng katta delegatsiya bilan ishtirok etgandi. Bugun universitet rahbariyati vakillari Markaziy Osiyo xalqaro tibbiyot universiteti rektori Nurillo Mamasodiqov bilan muzokaralar olib bordi va har ikki tomon uchun manfaatli shartnoma imzoladilar. Uning barcha bandlari kelgusi o‘quv yilidan tadbiq etiladi.  

– Biz Markaziy Osiyo xalqaro tibbiyot universiteti bilan har ikki tomon uchun ham manfaatli shartnoma imzoladik, – deydi Istanbuldagi Nishantashi universiteti professori Emrah Ipek. – Unga ko‘ra, endi talabalar 3x3, ya’ni uch yil Farg‘ona va uch yil Istanbul Nishantashi universitetida tahsil oladi. Oliy ma’lumot olganliklari haqida ularga ikkita teng kuchli xalqaro diplom beriladi. Bittasi biz, Turkiyaniki bo‘lib, u dunyoning barcha mamlakatlarida ishlash huquqini beradi. Kelgusida biz tibbiyot sohasidagi ilmiy ishlarda ham shu kabi hamkorlik loyihalarini amalga oshirmoqchimiz.

Xorijdagi nufuzli tibbiyot universitetlarining Farg‘onadagi hamkasblariga qiziqish bildirayotgani bejiz emasdi. Chunki ilmiy-amaliy anjuman chog‘ida murakkab jarrohlik anjumani – jigar ko‘chirish mahorat maktabi namoyish qilingan edi.

– Bu albatta tarixiy kun. Dunyoda tibbiyot darajasi qandayligi jigar ko‘chirib o‘tkazish tajribasi qay darajada ekanligi bilan ham belgilanadi. Farg‘ona viloyatida bunday jarrohik amaliyoti Milliy tibbiyot markazi, ko‘p tarmoqli shifoxona va Markaziy Osiyo xalqaro tibbiyot universiteti jarrohlik kafedrasi bilan birgalikda  bajarilishi quvonchli voqea. Bemor o‘zini juda yaxshi his qilmoqda. Konferensiya davomida bu jarrohlik amaliyoti natijasi alohida muhokama qilindi va unga yuqori baho berildi. Bu esa  har birimizning yutug‘imizdir, – deydi Nurillo Mamasodiqov.

– Har qanday amaliyot ilm va tajribaga tayanadi. Shuning uchun ham Markaziy Osiyo xalqaro tibbiyot universiteti vakillari shu kunlarda Amerika safariga hozirlik ko‘rmoqda.

– Bu yil Prezidentimiz ikki bor Amerika qo‘shma shtatlariga tashrif buyurdilar. Natijada bizga keng yo‘llar ochildi. Oldimizga katta maqsadlarni qo‘ydik. Shu oy oxirida AQSHga borib uning dunyoga mashhur Pitseburg universiteti bilan oliy malakali hamshiralar tayyorlash yuzasidan shartnomalar tuzamiz. Hozir bu haqida onlayn muzokaralar olib boryapmiz. Biz tibbiyotdagi Amerika tajribasini Farg‘onaga olib kelib, birgalikda qo‘shma dasturlar asosida ish olib boramiz, – deydi universitet rektori.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing