Toshkent shahrida Аmerika texnologiyalar universiteti tashkil etildi

O'zbekiston

Universitet bitiruvchilariga Arizona davlat universitetining yoki АQShda tan olinadigan hamkor xorijiy oliy taʼlim tashkilotining diplomi beriladi.

Toshkent shahrida Аmerika texnologiyalar universiteti tashkil etildi
“Toshkent shahrida Аmerika texnologiyalar universitetini tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Prezident Qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanalida xabar berildi.

Muhandislik, sogʼliqni saqlash, axborot texnologiyalari, arxitektura va dizayn, iqtisodiyot va moliya, xalqaro munosabatlar sohalari uchun oliy maʼlumotli kadrlarni xalqaro standartlar darajasida tayyorlash Universitetning asosiy faoliyat yoʼnalishlaridan biri etib belgilandi.

Universitet nodavlat oliy taʼlim tashkiloti hisoblanadi hamda oʼz faoliyatini 2024/2025 oʼquv yilidan amalga oshiradi.

Universitetda talabalarni oʼqitish toʼlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi hamda qabul parametrlari va talabalarni oʼqitish uchun toʼlov-kontrakt summasi Universitet tomonidan belgilanadi.

Universitetga abiturientlar qabuli va bitiruvchilar attestatsiyasi Universitet tomonidan belgilangan talab va tartibga muvofiq amalga oshiriladi, toʼliq akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqil OTM hisoblanadi.

Universitet bitiruvchilariga Arizona davlat universitetining yoki АQShda tan olinadigan hamkor xorijiy oliy taʼlim tashkilotining diplomi beriladi. Bunda, bitiruvchilarga berilgan diplom Oʼzbekistonda tan olinadi.

Universitetda qoʼshma taʼlim dasturlarining xorijiy universitetda oʼqish qismini bakalavriatda “3+1”, magistraturada “1+1” va boshqa shaklda, jumladan, masofaviy tarzda amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing