Toshkentda jamoat transportlari va ko'ngilochar maskanlar 24/7 rejimida faoliyat olib boradi

O'zbekiston

Strategik islohotlar agentligi tomonidan tungi iqtisodiyot bo‘yicha xorijiy davlatlar Buyuk Britaniya, AQSH, BAA va Avstraliya tajribasi asosida, ushbu yo‘nalishni O‘zbekistonda yanada rivojlantirish istiqbollari o‘rganib chiqildi.

Toshkentda jamoat transportlari va ko'ngilochar maskanlar 24/7 rejimida faoliyat olib boradi
Xorijiy davlatlarning tungi iqtisodiyot rivojlangan shaharlarida yillik tushumlar miqdori sezilarli darajada iqtisodiyotga foyda keltirmoqda.  2023 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, Londonda tungi iqtisodiyotdan yillik tushumlar miqdori – 44 mlrd dollarni, Bangkokda – 10 mlrd dollarni, Nyu-Yorkda – 35 mlrd dollarni, Dubayda – 29 mlrd dollarni hamda Sidneyda – 3,8 mlrd dollarni tashkil etgan.

O‘zbekistonda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida Strategik islohotlar agentligi tomonidan quyidagi takliflar ishlab chiqildi:

2025 yil 1 fevraldan boshlab tungi iqtisodiyot va turizmni rivojlantirishga qaratilgan ishchi guruh tashkil etish;

Tungi iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash maqsadida har juma va shanba kunlarida dam olish maskanlarni 24/7 rejimida uzluksiz ravishda ishlashini ta’minlash va tunda faoliyat olib boruvchi maskanlarning ish vaqti bilan bog‘liq cheklovlarni bekor qilish;

Toshkent shahrida turistik salohiyatga ega hududlarni belgilab ushbu hududlarda tungi faoliyat zonalarini tashkil qilish;

Tungi iqtisodiyot rivojlantirilishi rejalashtirilgan shaharlarning har birida jamoat transportini 24 soatlik rejimga o‘tkazish;

“Tungi Toshkent” elektron platformasini ishlab chiqish hamda ushbu platformada tunda faoliyat olib boradigan maskanlar, tungi jamoat transporti yo‘nalishlari hamda maxsus arzonlashtirilgan takliflar haqida ma’lumot olish imkonini yaratish;

Tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida belgilangan muayyan hududlarni modernizatsiya qilish, ko‘chalarda yoritish tizimini kuchaytirish hamda aholi va turistlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish.

Yuqoridagilarni inobatga olib, "O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekistonda tungi iqtisodiyotni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasi hamda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish va litsenziyalar berish tartibini isloh qilishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi" ishlab chiqilishi kutilmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing