Turizm qoʻmitasiga yana Abdulaziz Akkulov rahbar boʻldi

O'zbekiston

Oʻzbekistonda turizm sohasida rahbar almashdi — Turizm qoʻmitasiga ilgari ham ushbu tizimni boshqargan tajribali mutaxassis Abdulaziz Akkulov rahbar etib tayinlandi.

Turizm qoʻmitasiga yana Abdulaziz Akkulov rahbar boʻldi
Abdulaziz Urolboyevich Akkulov Oʻzbekiston Turizm qoʻmitasi raisi lavozimiga tayinlandi. Tegishli qarorni prezident Shavkat Mirziyoyev imzoladi.

Qoʻmitaning avvalgi raisi Umid Rustamovich Shadiyev boshqa ishga oʻtishi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi. U 2023 yil iyul oyidan buyon ushbu lavozimda faoliyat yuritib kelgan.

Abdulaziz Akkulov 2018–2020 yillarda ham turizm sohasidagi markaziy organga rahbarlik qilgan. U Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Xalqaro turizmni boshqarish” yoʻnalishi bitiruvchisi hisoblanadi.

2006 yildan buyon turizmni boshqarish tizimida turli lavozimlarda ishlagan, keyinchalik Turizm va sport vaziri oʻrinbosari lavozimini egallagan. 2022 yilda Oʻzbekistonning Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchisi etib tayinlangan.

Mazkur tayinlov turizm sohasida olib borilgan uzoq yillik institutsional islohotlar fonida amalga oshirildi. Hozirda Turizm qoʻmitasi mustaqil idora sifatida faoliyat yuritib, sayyohlar sonini oshirish, turizmning YAIMdagi ulushini kengaytirish va ichki infratuzilmani rivojlantirish vazifalarini bajaradi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing