Turkiy davlatlarning ilk sun’iy yo‘ldoshi orbitaga chiqariladi

Texnologiya

Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkiya va Ozarbayjon turkiy davlatlarning ilk qo‘shma sun’iy yo‘ldoshi — CubeSat-12U yig‘ilishini boshladi. Uni 2027-yilda orbitaga chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, loyiha texnologik hamkorlikning yangi bosqichi sifatida baholanmoqda.

Turkiy davlatlarning ilk sun’iy yo‘ldoshi orbitaga chiqariladi
Turkiston shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari va raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiyev loyiha haqida ma’lumot berdi.

Loyiha doirasida vazifalar davlatlar o‘rtasida taqsimlangan. Qozog‘istonlik mutaxassislar Astana shahridagi yig‘ish-sinov majmuasida sun’iy yo‘ldoshni loyihalash va umumiy yig‘ish ishlarini olib bormoqda. O‘zbekiston dvigatel tizimini ishlab chiqmoqda, Turkiya esa quyosh panellari va dasturiy ta’minotni taqdim etmoqda. Ozarbayjon ham tashabbusda ishtirok etmoqda.

Jaslan Madiyevning ta’kidlashicha, loyiha turkiy davlatlar o‘rtasidagi ilk real texnologik hamkorlik platformasiga aylandi. Unga ko‘ra, sun’iy yo‘ldoshning orbitaga chiqishi mintaqa davlatlarining murakkab ilmiy va muhandislik vazifalarini birgalikda amalga oshira olishini namoyish etadi.

Hozir loyiha chizmalar bosqichidan amaliy yig‘ish jarayoniga o‘tgan. Shu bilan birga, ishtirokchi davlatlar Turkiy davlatlar tashkiloti kotibiyati orqali huquqiy va tashkiliy masalalarni yakunlamoqda.


Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing