Turkiya Suriyaga energetika muammolarni hal qilish uchun mutaxassislar yuboradi

Dunyo

Turkiya Energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Bayraktar ma’lum qilishicha, yaqin kunlarda Energetika vazirligi delegatsiyasi elektr energiyasi va energetika infratuzilmasi bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish uchun Suriyaga tashrif buyuradi. Bu bayonot Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng e’lon qilindi.

Turkiya Suriyaga energetika muammolarni hal qilish uchun mutaxassislar yuboradi
Bayraktar Suriyadagi asosiy muammo elektr energiyasi bilan ta’minot ekanini ta’kidlab, bu muammoni hal qilish uchun tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilishini aytdi.

Delegatsiya tarkibiga Turkiyaning davlat kompaniyalaridan, jumladan, Elektr energiyasi ishlab chiqarish kompaniyasi (EUAS) va Elektr uzatish korporatsiyasi (TEIAS) ekspertlari kiradi. Ular Suriyaning yillar davom etgan urush va sanksiyalar natijasida jiddiy zarar ko‘rgan energetika infratuzilmasini o‘rganadilar.

Mutaxassislar energiya ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash liniyalariga e’tibor qaratib, Suriyaning energetika tizimidagi kamchiliklarni aniqlaydilar. Ish yakunlari bo‘yicha mavjud muammolarni hal qilish uchun zarur bo‘lgan choralarni o‘z ichiga olgan kompleks hisobot tayyorlanadi.

Shuningdek, Turkiya energetika vaziri Livan hukumati ham Turkiya bilan energetika loyihalari, jumladan, elektr energiyasi importi bo‘yicha hamkorlik qilishga qiziqish bildirayotganini qayd etdi. Bu rejalar Anqaraning Turkiya va Suriyani bog‘lovchi elektr uzatish liniyalarini tiklash va ularni Livangacha kengaytirish imkoniyatiga bog‘liq.

Suriyada, hatto Damashq va Halab kabi yirik shaharlarda ham elektr ta’minotidagi uzilishlar dolzarb muammo bo‘lib qolmoqda. Assad rejimining ag‘darilishidan so‘ng shakllangan yangi Suriya hukumati g‘arb davlatlaridan energetika sektorini tiklash uchun sanksiyalarni yengillashtirishga harakat qilmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing