Ukraina AQShga tinchlik rejasiga rasmiy javobini topshirdi

Dunyo

Ukraina AQSh tomonidan taklif qilingan urushni to‘xtatish bo‘yicha so‘nggi tinchlik rejasiga o‘z taklif va izohlarini kiritgan rasmiy hujjatni Vashingtonga yo‘lladi.

Ukraina AQShga tinchlik rejasiga rasmiy javobini topshirdi
Axios manbalariga ko‘ra, batafsil sharhlar va tuzatishlar kiritilgan hujjatni Ukraina muzokara delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov topshirgan. Hujjatning asosiy adresati AQSh prezidenti Donald Trampning maslahatchisi va kuyovi Jared Kushner bo‘ldi.

Hujjat yuborilishidan oldin Kiev Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya bilan bir necha kun davomida kelishuvlar olib bordi. Ukraina ikki asosiy masala — hududlar va Rossiya nazoratidagi Zaporojye AES maqomi bo‘yicha yangi takliflarni ishlab chiqdi.

10 dekabr kuni kechqurun Prezident Vladimir Zelenskiy ma’lum qilishicha, AQShning 20 banddan iborat tinchlik rejasiga asoslangan holda Ukraina–AQSh munosabatlariga doir yana ikki muhim hujjat tayyorlanmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatni iqtisodiy tiklash bo‘yicha ishchi guruhning ilk yig‘ilishi o‘tkazilgan. AQSh tomonidan Jared Kushner, Moliya vaziri Skott Bessent va dunyodagi eng yirik investitsiya fondlaridan biri BlackRock rahbari Larri Fink ishtirok etgan.

Axios ma’lumotiga ko‘ra, 11 dekabr kuni Ukraina va AQShning yuqori harbiy vakillari Amerika tinchlik rejasini muhokama qilishni davom ettirish uchun virtual uchrashuv o‘tkazadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing