Vashington va Tehron muzokaralar uchun zamin hozirlmoqda

Dunyo

Keskinlashgan bayonotlarga qaramay, AQSh va Eron muzokaralarga tayyor ekanini bildirmoqda. Keskinlik ochiq harbiy to‘qnashuvga aylanib ketishidan xavotirlar ortib borar ekan, Qatar, Turkiya va Misr vositachilik sa’y-harakatlarini kuchaytirdi.

Vashington va Tehron muzokaralar uchun zamin hozirlmoqda
Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy AQSh tomonidan ehtimoliy hujum butun mintaqaga urush yoyilishiga olib kelishini ta’kidladi. AQSh prezidenti Donald Tramp esa Eron yadro dasturidan voz kechmasa, harbiy aralashuv ehtimolini bir necha bor tilga olgan.

Dekabr oxirida Eronda yuz bergan ommaviy norozilik namoyishlari fonida AQSh Fors ko‘rfaziga aviatsion zarba guruhini yuborgan edi.

Yakshanba kuni Donald Tramp Vashington va Tehron “jiddiy muzokaralar” olib borayotganini ma’lum qildi. Eron rasmiylari ham muzokaralarga tayyorgarlik ketayotganini tasdiqladi.

Qatar diplomatik jarayonda muhim rol o‘ynamoqda. Shanba kuni mamlakat bosh vaziri Muhammad Al-Taniy Tehronda Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larijoniy bilan uchrashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh bilan muzokaralar uchun tuzilma shakllantirilmoqda.

Turkiya va Misr ham tomonlarni diplomatik yo‘lda ushlab qolish va keskinlikning qurolli to‘qnashuvga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurligini ta’kidlamoqda.

Qatar rasmiy bayonotida tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini va vositachilar “qarama-qarshilik emas, balki jamoaviy tiyib turish” tamoyiliga sodiqligini bildirdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing