Taniqli futbol murabbiyi Viktor Jalilov vafot etdi

Sport

7-may kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida qator klublarga ustozlik qilgan murabbiy Viktor Jalilov 71 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Taniqli futbol murabbiyi Viktor Jalilov vafot etdi
Viktor Jalilov 1952 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Futbolchilik faoliyatini “Paxtakor” va “Tekstilchi” (Namangan) klublarida o‘tkazgan.

Murabbiylik faoliyatini “Sohibkor” klubida boshlagan. 1995—1997-yillarda Namanganning “Navbahor” klubi bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritgan va ushbu jamoaga tarixdagi birinchi va hozirgacha yagona bo‘lib qolayotgan chempionlikni olib kelgan.

U 2002-yilda “Paxtakor” klubi bilan ham O‘zbekiston chempioniga aylangan. Bundan tashqari, turli jamoalar bilan uch bor kumush medal, to‘rt bor bronza medallarni qo‘lga kiritgan, O‘zbekiston kubogi uchun turnirlarda to‘rt bor g‘olib chiqqan. Uch marta O‘zbekistonda yilning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing