Xitoy ilk bor qayta foydalaniladigan raketaning birinchi bosqichini quruqlikka qo‘ndirdi

Texnologiya

Xitoy ilk bor qayta foydalaniladigan raketa-tashuvchining birinchi bosqichini quruqlikka muvaffaqiyatli qo‘ndirdi. LandSpace xususiy aerokosmik kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Zhuque-3-Y2 raketasi 19-avgust kuni mamlakat shimoli-g‘arbidagi «Dongfeng» tijoriy kosmik innovatsiyalar sinov zonasidan uchirildi.

Xitoy ilk bor qayta foydalaniladigan raketaning birinchi bosqichini quruqlikka qo‘ndirdi
Bosqichlar ajralganidan so‘ng birinchi bosqich boshqariladigan tarzda Yerga qaytdi va yoyiladigan qo‘nish tayanchlari yordamida belgilangan hududga qo‘ndi. Ikkinchi bosqich parvozni davom ettirib, Honghu-03 sun’iy yo‘ldoshini belgilangan orbitaga olib chiqdi.

«Sinxua» ma’lumotiga ko‘ra, bu Xitoy raketasining birinchi bosqichini qo‘nish tayanchlari yordamida quruqlikka boshqariladigan tarzda muvaffaqiyatli qaytarish bo‘yicha ilk holatdir. Bundan avval, 10-iyul kuni Xitoy Long March-10B raketasining birinchi bosqichini dengiz platformasiga qaytarishga muvaffaq bo‘lgan edi.

Zhuque-3 suyuq kislorod va metanda ishlaydi hamda arzonroq va yuqori chastotali uchirishlarga mo‘ljallangan yangi avlod raketasi sifatida ishlab chiqilgan. Raketa ikki bosqichli konstruksiyaga ega bo‘lib, uning uzunligi 66,1 metrni tashkil etadi.

Soha ekspertlariga ko‘ra, suyuq kislorod-metan dvigateli, zanglamaydigan po‘lat korpus, vertikal qo‘nish va qayta foydalanish texnologiyalarini birlashtirgan ushbu yechim Xitoyning past Yer orbitasidagi sun’iy yo‘ldoshlar guruhini tezroq joylashtirishga yordam berishi mumkin.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing