Xorazm 2030-yilgacha mintaqani turizm markaziga aylantirish loyihalarini investorlarga taqdim etdi

Biznes

Xorazm 2030-yilga qadar O‘zbekistonning yetakchi xalqaro turizm markazlaridan biriga aylantirishga qaratilgan loyihalarni yirik tadbirkorlar va xorijiy investorlarga taqdim etdi. Taqdimotda 500 dan ortiq tadbirkor va investor ishtirok etdi.

Xorazm 2030-yilgacha mintaqani turizm markaziga aylantirish loyihalarini investorlarga taqdim etdi
Turizm qo‘mitasi raisi A. Aqqulov hududdagi islohotlar, turizm infratuzilmasini rivojlantirish va xizmatlarni diversifikatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Xorazmda gastronomik, ekologik, sport, etno va sog‘lomlashtirish turizmi yo‘nalishlari rivojlantirilmoqda.

Transport infratuzilmasini kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, “Jaloliddin Manguberdi” tezyurar poyezdini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Urganch xalqaro aeroportini Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corporation kompaniyasi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida boshqarish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, MICE Khiva brendi ostida ishbilarmonlik turizmi rivojlantirilmoqda.

Investorlar uchun “Qalajik” turizm klasteri, Amudaryo bo‘yidagi ekoturizm zonasi va qayiq parki, “Sulaymon-qal’a” etnoturizm majmuasi hamda Shovot kanali bo‘yidagi turizm zonasini tashkil etish loyihalari taqdim etildi.

Shuningdek, yangi joylashtirish vositalarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Davlat subsidiyalari hisobidan yulduzli mehmonxonalar sonini ikki baravar oshirish va ularning bandlik darajasini 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing