«Yoshlar — kelajak bunyodkorlari!»: V Xalqaro ekologik qurultoy g‘oliblari aniqlandi

O'zbekiston

Qashqadaryo viloyatida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan «Yoshlar — kelajak bunyodkorlari!» V Xalqaro ekologik qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Unda sakkiz xorijiy davlatdan yosh eko-faollar hamda O‘zbekistonning barcha hududlari vakillari ishtirok etdi.

«Yoshlar — kelajak bunyodkorlari!»: V Xalqaro ekologik qurultoy g‘oliblari aniqlandi
Qurultoy Shahrisabz tumanidagi «Lochin» oromgohida tashkil etildi. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya va Belarusdan kelgan ishtirokchilar O‘zbekiston yoshlari bilan birga ekologik madaniyatni oshirish va amaliy tajriba almashishga bag‘ishlangan seminarlarda qatnashdi.

Ta’lim dasturida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Qo‘mita huzuridagi Jamoatchilik kengashi, «Zamin» xalqaro jamoat fondi, ilmiy va ta’lim tashkilotlari, Bosh prokuratura hamda O‘zbekiston Volontyorlar assotsiatsiyasi vakillari ishtirok etdi.

Intellektual, ekologik va sport musobaqalari yakunida g‘oliblar aniqlandi. «Nima? Qayerda? Qachon?» xalqaro intellektual o‘yinida Belarus jamoasi birinchi, O‘zbekiston ikkinchi, Rossiya uchinchi o‘rinni egalladi. Xorijiy jamoalar o‘rtasidagi «Kahoot» tanlovida Turkiya g‘olib bo‘ldi, Belarus ikkinchi, Qozog‘iston uchinchi o‘rinni oldi.

«Eng yaxshi ekologik loyiha» nominatsiyasida xorijiy jamoalar orasida Turkmaniston birinchi, Rossiya ikkinchi, Qirg‘iziston uchinchi o‘rinni egalladi. «Xalqlar do‘stligi» raqs festivalida Qozog‘iston birinchi bo‘ldi, Belarus va Turkmaniston keyingi o‘rinlarni egalladi.

«Qurultoy Expo» ko‘rgazmasida xorijiy jamoalar orasida Rossiya birinchi, Ozarbayjon ikkinchi o‘rinni oldi. Qirg‘iziston va Turkmaniston uchinchi o‘rinni egalladi. O‘zbekiston hududlari orasida esa Xorazm viloyati g‘olib bo‘ldi.

«Yoshlar spartakiadasi» sport musobaqalarida Toshkent viloyati birinchi, Navoiy viloyati ikkinchi, Farg‘ona viloyati uchinchi o‘rinni egalladi.

Qurultoy yoshlarning ekologik faolligini oshirish, istiqbolli ekologik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va yoshlarni atrof-muhit muammolariga yechim izlash jarayoniga keng jalb etishga qaratildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing