Yuzlab kanadaliklar o'rmon yong'inlari tufayli evakuatsiya qilindi

Dunyo

Kanadaning Alberta provinsiyasidagi Fort-Makmurreyning to'rtta tumanida yashovchi yuzlab odamlar tez tarqalayotgan o'rmon yong'inlari tufayli evakuatsiya qilish to'g'risida buyruq oldilar. Bu haqda Associated Press xabar berdi.

Yuzlab kanadaliklar o'rmon yong'inlari tufayli evakuatsiya qilindi
Vud Buffalo hokimiyati favquloddda vaziyat yuzaga kelganini va o't o'chirish brigadalari shaharga yetay deb qolgan, atigi 13 kilometr naridagi alangaga qarshi kurasha olishi uchun joy ajratish lozimligini ta’kidladi. Shu sababli evakuatsiya ishlari amalga oshirilgan. Favqulodda evakuatsiya ogohlantirishi Fort-Makmurreyning qolgan qismi va uning atrofidagi hududlar uchun hamon o’z kuchini saqlab qolmoqda.

Kanadaning neft qumlari markazi sifatida tanilgan Fort-Makmurreyda qariyb 68 000 aholi istiqomat qiladi. O'rmon yong'inlari kabi vayronagarchiliklar shahar uchun yangilik emas. Masalan, 2016-yilda katta yong'in 2400ta uyni vayron qildi va 80 000 dan ortiq kanadaliklar uy-joyini tark etishga majbur bo’ldi.

Ayni paytda Kanadaning g'arbiy qismida 230 dan ortiq o'rmon yong'inlari davom etmoqda va aksariyati Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasida sodir bo’lmoqda. Britaniya Kolumbiyasi yong'in xavfsizligi xizmatining xabar berishicha, eng katta yong'inlardan biri dushanba kungi 53 kvadrat kilometrdan 84 kvadrat kilometrgacha kengaygan.

Ta’kidlash joizki, evakuatsiya bo'yicha buyruq taxminan 4700 kishi istiqomat qiladigan Fort Nelson va uning qo’shni hududida joylashgan mahalliy aborigenlar jamoasiga ham taalluqlidir. Shimoliy Rokki mintaqaviy munitsipaliteti hokimi Rob Freyzer evakuatsiya katta moddiy-texnik qiyinchiliklar, xususan, asosiy ishchilar, shu jumladan o't o'chiruvchilarga oziq-ovqat va boshqa zaruriy narsalarni yetkazib berish bilan bog'liqligini ta'kidladi.

O'rmon yong'inlari bilan bog'liq favqulodda vaziyat so’nggi marta 2023-yilda sodir bo’lgandi. O'shanda keng tarqalgan yong’in Qo'shma shtatlarning bir qismiga ta'sir qilgandi va buning oqibatida 235 000 dan ortiq kanadaliklar o'z uylarini tark etishga majbur bo’lgandi. Bu mavsumdagi yong’inlar ham kamida to'rtta o't o'chiruvchining hayotiga zomin bo'ldi.

Vaziyat rivojlanar ekan, rasmiylar aholini rasmiy kanallar orqali voqealardan boxabar bo'lishga va o’zlarining xavfsizligini ta'minlash uchun evakuatsiya to’g’risidagi buyruqlarga amal qilishga chaqirmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing