AGMKda yangi sanoat bosqichi boshlandi

O'zbekiston

So‘nggi yillarda O‘zbekiston tog‘-kon sanoati tub islohotlarni boshdan kechirdi. Ilgari qimmatbaho va rangli metallar qazib olish bilan atigi ikki yirik korxona shug‘ullangan bo‘lsa, bugungi kunda investorlar uchun ochiq va shaffof tizim joriy etilishi natijasida so‘nggi to‘qqiz yil ichida tarmoqqa 10 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya jalb qilindi. Hozirda sohada 65 ta xususiy korxona faoliyat yuritmoqda.

AGMKda yangi sanoat bosqichi boshlandi
Natijada ishlab chiqarish hajmlari sezilarli darajada oshdi. Mustaqillikning dastlabki 25 yilida oltin qazib olish 63 tonnadan 87 tonnagacha yetgan bo‘lsa, keyingi to‘qqiz yil ichida 118,4 tonnaga yetdi. 2016 yildan buyon kumush qazib olish 1,6 baravar, uran 2,1 baravar, mis esa 1,4 baravar oshdi. Tarmoqdagi umumiy ishlab chiqarish hajmi esa 270 trillion so‘mga yetdi.

Sohada yuqori maoshli ish o‘rinlari ham kengaymoqda. Ekskavator haydovchilari oyiga 30 million so‘mgacha, burg‘ulash mutaxassislari va yirik yuk mashinalari haydovchilari 40 million so‘mgacha, geolog va geodezistlar esa 70 million so‘mgacha daromad olmoqda.

Kadrlar tayyorlash ham xalqaro hamkorlik asosida yo‘lga qo‘yilgan. Olmaliqda MISiS filiali, Toshkentda Olmaliq texnika instituti hamda Geologiya fanlari universiteti faoliyat yuritmoqda. Navoiy konchilik texnologiyalari universiteti ham yetakchi xorijiy universitetlar bilan qo‘shma dasturlarni amalga oshirmoqda.

Yangi fabrikani ishga tushirish natijasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida mis konsentrati ishlab chiqarish hajmi kuniga 2400 tonnadan 5000 tonnagacha oshadi. Loyiha doirasida 6 mingdan ortiq yoshlar yuqori maoshli ish o‘rinlari bilan ta’minlanadi.

Korxonada AQSH, Germaniya, Rossiya, Xitoy va Finlyandiya texnologiyalari joriy etilmoqda. Barcha jarayonlar sun’iy intellekt asosidagi raqamli boshqaruv tizimiga birlashtiriladi.

Kelajakda yangi mis eritish zavodi ham qurilishi rejalashtirilgan. Umuman olganda, ushbu loyihalar amalga oshirilgach, kombinat yiliga 300 ming tonna mis katodlari ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing