Aichi-Nagoya-2026 boshlandi: O‘zbekiston terma jamoasi Xanchjou natijasini yaxshilashni maqsad qilgan

Sport

Yaponiyada XX yozgi Osiyo o‘yinlari rasman boshlandi. Nagoyadagi ochilish marosimida O‘zbekiston delegatsiyasi ham qatnashdi. Mamlakat sharafini 42 sport turi bo‘yicha 396 nafar sportchi himoya qilmoqda. Boks bo‘yicha jahon chempioni To‘rabek Habibullayev va Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlari qilichbozlik chempioni Guliston Perdebayeva O‘zbekiston delegatsiyasining bayroqdorlari bo‘ldi.

Aichi-Nagoya-2026 boshlandi: O‘zbekiston terma jamoasi Xanchjou natijasini yaxshilashni maqsad qilgan
Osiyo o‘yinlari 19-sentabr kuni «Mizuho Park» stadionida ochildi. Musobaqani Yaponiya imperatori Naruhito rasman ochib berdi. Marosimda 45 mamlakat va hudud delegatsiyalari ishtirok etdi. «Harmonic Heart Beat» shiori ostidagi dastur musiqa, raqs, yapon madaniyati elementlari va mushakbozlikni o‘zida mujassam etdi.

Musobaqalarda 11 mingdan ortiq sportchi qatnashmoqda. 43 sport turida jami 469 ta medal jamlanmasi uchun bahslar o‘tkaziladi. Dasturga kibersport, teqbol, MMA va virtual taekvondo kabi yo‘nalishlar ham kiritilgan. Yaponiya Osiyo o‘yinlariga uchinchi bor mezbonlik qilmoqda: bundan avval Tokio 1958 va Xirosima 1994 yillarda musobaqani qabul qilgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi 224 erkak va 172 ayoldan iborat. 42 sport turining 36 tasi Olimpiya dasturiga kiradi. O‘zbekistonlik sportchilar ilk bor sohil voleyboli, voleybol, yelkanli sport, skvosh va MMA bo‘yicha Osiyo o‘yinlarida qatnashmoqda.

Xanchjou-2022da O‘zbekiston 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida beshinchi o‘rinni egallagan edi. Aichi-Nagoya-2026da jamoa ushbu natijani yaxshilashni maqsad qilgan. Ayrim sport turlarida Los-Anjeles-2028 Olimpiadasi uchun litsenziyalar ham o‘ynalmoqda.

O‘zbekistonning asosiy sportchilari qatorida Parij-2024 Olimpiya chempioni va ikki karra jahon chempioni Abdumalik Xalakov, jahon chempioni To‘rabek Habibullayev, Olimpiya chempioni Razzambek Jamolov, Olimpiya chempioni Akbar Jo‘rayev va Osiyoning ikki karra chempioni Jasurbek Jaysunov bor.

Musobaqalarning ayrim turlari ochilish marosimidan oldin boshlangan. O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Filippin ustidan 5:1, Quvayt ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, chorak finalga yo‘l oldi. Osiyo o‘yinlari 4-oktabrgacha davom etadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing