Apreldan elektr energiyasi narxining oshish sabablari ochiqlandi

O'zbekiston

2025-yilning 1-aprelidan boshlab O‘zbekistonda elektr energiyasi narxi yana oshadi. Bu haqida Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 2024-yil 18 dekabr kuni Senat yalpi majlisida ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror energetika sohasidagi xarajatlarni qoplash va davlat subsidiyalarini bosqichma-bosqich qisqartirish uchun qabul qilingan.

Apreldan elektr energiyasi narxining oshish sabablari ochiqlandi
Elektr energiyasi narxining oshishiga asosiy sabab sifatida tariflar hali-hanuz to‘liq xarajatlarni qoplamayotganligi keltirildi. Jamshid Qo‘chqorovning ta’kidlashicha, energetika sohasiga ajratilayotgan subsidiyalar 2027-yilga kelib keskin kamayadi, 2028-yildan boshlab esa deyarli bekor qilinadi.

23-yanvar kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ vakillari bu borada qo‘shimcha izoh berdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, narxlarning oshishi haqida qaror 2024-yilda qabul qilingan edi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ vakili Diyor Nishonovning ma’lum qilishicha, elektr energiyasi narxlari 2018 yilgacha oshirilmagan. Bu esa hozirgi davrda narxlarni ketma-ket oshirishga sabab bo‘lmoqda. U yoqilg‘i va neft mahsulotlarining bozor narxi oshib borishini, shuningdek, elektr tarmoqlarini yangilash va modernizatsiya qilish ishlari ko‘proq mablag‘ talab qilayotganini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi transformator punktlari o‘rnatish va mavjudlarini modernizatsiya qilish kabi ishlar davlat tomonidan ko‘proq mablag‘ ajratilishini talab qiladi. Shu sababli, narxlarni oshirish muqarrar qarorga aylangan.

Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisida Jamshid Qo‘chqorov Toshkent shahrida kelgusi yilda issiqlik ta’minoti tariflari ham ikki marotaba oshirilishini ma’lum qilgan edi. Bu energetika sohasidagi umumiy islohotlarning bir qismi bo‘lib, sohani iqtisodiy jihatdan barqarorlashtirishga qaratilgan.

Elektr energiyasi narxining oshishi aholining kundalik turmushiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda. Ammo mutasaddilar bu qarorlarni energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va xizmat sifatini yaxshilash uchun zarur chora sifatida ko‘rmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing