AQSH Markaziy Osiyo xususan, O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan munosabatlarni mustahkamlamoqchi

Siyosat

Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressining yuqori doiralari Markaziy Osiyo mintaqasiga e‘tiborni kuchaytirish zarurligini ta‘kidlashmoqda. AQSH Senatori Stiv Deyns va Davlat kotibi lavozimiga nomzod senator Marko Rubio ushbu mintaqa bilan aloqalarni rivojlantirishga oid qator takliflarni ilgari surishdi. Bu haqida Dunyo AA xabar bermoqda.

AQSH Markaziy Osiyo xususan, O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan munosabatlarni mustahkamlamoqchi
Senator Stiv Deyns o‘z chiqishida Markaziy Osiyoning xalqaro miqyosdagi strategik ahamiyatini alohida qayd etdi. U ushbu mintaqaning xalqaro siyosiy kun tartibidan uzoqlashib qolganiga e‘tibor qaratib, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish zarurligini bildirdi.

Senatorning fikriga ko‘ra, Jekson-Venik tuzatishlarini bekor qilish AQSH va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo va investitsiya sohalarida yangi imkoniyatlarni ochadi. Bu qonun Qozog‘iston va O‘zbekiston kabi mamlakatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni cheklab kelayotgan edi.

Senator Marko Rubio ham mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, Jekson-Venik tuzatishlarini “o‘tmishning absurd merosi” deb atadi. U, ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlarining yangi rahbariyatlari bilan yaqindan ishlash va ularni qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta‘kidladi. Senator Rubio mintaqaning geosiyosiy muhimligini ta‘kidlab, bu hudud bilan aloqalarni kuchaytirish AQSH uchun manfaatli ekanini bildirdi.

Senator Deyns AQSHning “Markaziy Osiyoda do‘stlarga ehtiyoji bor”ligini qayd etar ekan, “C5+1” formatini kengaytirish zarurligini alohida ta‘kidladi. Ushbu format AQSH va beshta Markaziy Osiyo mamlakatining o‘zaro hamkorligini nazarda tutadi.

Ma'lumot o'rnida, 1974-yilda qabul qilingan Jekson-Venik tuzatishi asosan sobiq SSSRga qarshi qaratilgan edi. Mazkur tuzatish AQSH tomonidan inson huquqlarini buzgan yoki fuqarolarining emigratsiya huquqlarini cheklagan mamlakatlarga savdo imtiyozlarini taqdim etishni taqiqlaydi. Bugungi kunda ushbu qonunning bekor qilinishi Markaziy Osiyo davlatlari bilan iqtisodiy va diplomatik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing