Prezident bank tizimini xususiylashtirish jarayonlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

O'zbekiston

Yig‘ilish davomida bank rahbarlari Prezidentni transformatsiya va xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish, xodimlarni o‘qitish, sohada ilg‘or IT yutuqlarni joriy qilish bo‘yicha rejalari bilan tanishtirgan.

Prezident bank tizimini xususiylashtirish jarayonlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi
Kecha, 20-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev bank tizimida transformatsiya va xususiylashtirish jarayonlari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, yig‘ilishda bank sektorida raqobat kuchayayotgani va bank xizmatlariga talab oshayotgani qayd etilgan. Bu jarayon esa tizimida transformatsiya ishlarini jadallashtirishni talab qilayotgani aytilgan.

Bu borada davlat ulushiga ega banklarni xususiylashtirishga tayyorlash, ularning qimmatli qog‘ozlarini “IPO”ga chiqarish, sohaga tajribali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha takliflar bildirilgan.

Davlat rahbari mas’ullar oldiga xalqaro reyting kompaniyalari bilan hamkorlikni kuchaytirib, banklarning reytingini oshirish bo‘yicha o‘rta muddatli chora-tadbirlar ishlab chiqish vazifasini qo‘ygan. Shuningdek, sohada kadrlar tayyorlash tizimini zamon talablariga moslashtirish kerakligini aytgan.

Yig‘ilish davomida Mirziyoyev har bir bank o‘zi sarmoya kiritgan loyihalarni tahlil qilib, ishga tushishini kuzatib borishi, hududlar va sohalarda samardorligi yuqori bo‘lgan loyihalarni amalga oshirishi kerakligini ta’kidlagan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing