Bill Geyts sun’iy intellekt bir milliard odamning o‘limiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi

Texnologiya

Microsoft asoschisi Bill Geyts zamonaviy sun’iy intellekt tizimlari yomon niyatli odamlar tomonidan qo‘llanilganda bir milliard kishining o‘limiga olib kelishi mumkin bo‘lgan voqealarni yuzaga keltirish uchun yetarlicha kuchli ekanini aytdi. U bu haqda NBC News’ning “Meet the Press” dasturiga bergan intervyusida ma’lum qildi. Suhbatning to‘liq versiyasi 27-sentabr kuni efirga uzatilishi kutilmoqda.

Bill Geyts sun’iy intellekt bir milliard odamning o‘limiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi
“SI, shubhasiz, bir milliard odamning o‘limiga sabab bo‘ladigan voqealarni yuzaga keltirish uchun yetarlicha kuchli”, — dedi Geyts. Shuningdek, u shunday ta’kidladi: “Ilgari yomon niyatli odamlar va sun’iy intellektning eng yangi vositalari uyg‘unligidek kuchli qurol hech qachon mavjud bo‘lmagan”.

Geytsning fikricha, asosiy xavflardan biri SI imkoniyatlaridan biologik yoki kiberhujumlar uchun foydalanishdir. NPR’ga bergan boshqa intervyusida u sun’iy intellekt modellarining biologik va kiberhujumlarga yordam berish imkoniyatiga ega bo‘lish chegarasi hozirning o‘zida kesib o‘tilayotganini aytdi. Uning qayd etishicha, 2026-yil oxirida paydo bo‘lishi kutilayotgan yangi modellar bundan ham kuchliroq bo‘ladi.

Geyts SI ustidan davlat nazoratini kuchaytirish tarafdori. NBC intervyusida u kompaniyalarning o‘zini o‘zi tartibga solishi yetarli emasligini aytib, qonunchilarni xavfsizlik choralarini belgilash va monitoring tizimlarini joriy etishga chaqirdi.

Avvalroq Geyts SI rivojlanishini boshqarish uchun milliy va xalqaro tizim yaratish zarurligi haqida yozgan edi. Uning fikricha, mavjud institutlar tez tarqalayotgan va milliy xavfsizlik, bandlik, ta’lim, sog‘liqni saqlash kabi ko‘plab sohalarga ta’sir qilayotgan texnologiyani boshqarish uchun yetarli emas. U xalqaro darajada alohida tashkilot tuzishni ham taklif qilgan.

Shu bilan birga, Geyts sun’iy intellektning ijobiy imkoniyatlarini ham ta’kidlaydi. Uning yondashuviga ko‘ra, texnologiyaning foydali qo‘llanilishini tezlashtirish bilan birga, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni kamaytirish zarur.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing