Boku Tehronni qo‘llab-quvvatladi: Eronga gumanitar yordam yuborildi

Dunyo

Ozarbayjon qo‘shni davlat aholisi ehtiyojlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Eronga gumanitar yordam yubordi. Qaror ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi telefon muloqotidan so‘ng qabul qilindi.

Boku Tehronni qo‘llab-quvvatladi: Eronga gumanitar yordam yuborildi
Gumanitar yordam Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning topshirig‘i bilan 2026 yil 8 mart kuni Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan o‘tkazilgan telefon suhbatidan so‘ng yuborildi.

Ma’lum qilinishicha, yordam yuklari Ozarbayjon Favqulodda vaziyatlar vazirligi transport vositalari orqali yetkazildi va u Eron aholisining joriy ehtiyojlarini ta’minlashga qaratilgan.

Gumanitar yuk tarkibiga oziq-ovqat mahsulotlari, suv hamda dori-darmonlar kiritilgan. Xususan, Eronga 10 tonna un, 6 tonna guruch, 2,4 tonna shakar, 4 tonnadan ortiq ichimlik suvi, taxminan 600 kilogramm choy hamda qariyb 2 tonna dori-darmon va tibbiy buyumlar yuborildi.

Ta’kidlanishicha, mazkur yordam qo‘shni va do‘st davlat sifatida Eron xalqini qo‘llab-quvvatlash maqsadida jo‘natilgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing