Buyuk Britaniya o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uchun kvotalarni oshiradi

O'zbekiston

Buyuk Britaniya O‘zbekiston fuqarolari uchun mehnat migratsiyasi kvotalarini oshiradi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi xabar berdi.

Buyuk Britaniya o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uchun kvotalarni oshiradi
Agentlik rahbari Behzod Musayev va O‘zbekistonning Londondagi elchisi Ravshan Usmonov Buyuk Britaniya Mehnat ta’minotchilari assotsiatsiyasi (ALP) bosh direktori Devid Kemp bilan muzokara o‘tkazdi. Tomonlar o‘zbekistonlik ishchilarni qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarga jalb qilish masalalarini muhokama qildilar.

«Biz Migratsiya agentligi bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga va yosh o‘zbekistonliklarni Angliyadagi korxonalarda ishga joylashtirishga tayyormiz», — dedi Devid Kemp.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston fuqarolari uchun mavsumiy ishlar kvotalarini oshirish, yangi rekruting operatorlari bilan shartnomalar tuzish va xavfsiz hamda tartibli yollashni ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, Britaniya Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Mehnat suiiste’molliklariga qarshi kurash boshqarmasi (GLAA) rahbari Eliza Makeffri bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilishni nazarda tutuvchi hamkorlik memorandumi imzoladilar.

Avvalroq, Saudiya Arabistoni ham o‘zbekistonlik mavsumiy ishchilarni jalb qilishni kengaytirishni rejalashtirgani xabar qilingan edi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing