Daromadga qarab belgilanadigan jarimalardan tortib, noodatiy sport turigacha. Finlyandiya haqida siz bilmagan faktlar

Maxsus loyiha

Finlyandiyaliklar dunyodagi eng baxtli odamlar bo'lishi mumkin, ammo ularning bir nechta g'ayrioddiy an'analari borligini bilasizmi? “Business Insider” nashri dunyoning eng baxtli davlati haqida keltirgan 5 ta hayratlanarli faktni e’tiboringizga havola qilamiz.

Daromadga qarab belgilanadigan jarimalardan tortib, noodatiy sport turigacha. Finlyandiya haqida siz bilmagan faktlar
So‘nggi olti yil mobaynida dunyodagi eng baxtli davlat deb topilgan Finlyandiyaning aholisi 5 milliondan sal ko'proqni tashkil qildi.

Finlar qattiq qishga ham chidamli, ko'p qahva ichadigan va biroz pessimistik xarakterga ega xalq hisoblanadi.

Finlyandiya saunalari va yuqori farovonlik holati bilan mashhurdir. Ammo, mamlakatda bir nechta noodatiy an'analar va ijtimoiy me'yorlar mavjudligini bilasizmi?

Quyida mamlakat haqida eng hayratlanarli beshta fakt keltiriladi.


• Tezlikni oshirganlik uchun jarimalar odamlarning daromadiga qarab belgilanadi

Finlyandiyada tezlikni oshirganlik uchun jarimalar fuqaroning qancha pul ishlab topishi va mashinani qanchalik tez haydaganiga qarab belgilanadi.

Mamlakatda "kunlik jarima" tizimi mavjud bo'lib, u huquqbuzarning kunlik ixtiyoridagi daromadi va tezlik chegarasidan qanchalik oshib ketganligidan kelib chiqib hisoblanadi.

Tizim juda qimmat jarimalarni ham qayd etib boradi. Joriy yilning boshida finlyandiyalik multimillioner tezlikni oshirgani uchun 121 000 yevro jarimaga tortilgan edi.

• Mamlakatda kishi boshiga taxminan yarimta sauna toʻgʻri keladi


“Visit Finland” sayyohlik sayti Finlyandiyada uch millionta sauna borligini taxmin qilmoqda. Bu har bir Fin uchun yarimta saunadan salgina ko'proqqa teng kelishini anglatadi.

Sauna madaniyati Finlyandiyaning kundalik hayoti va madaniy merosining muhim bir qismini tashkil qiladi. Saunalar ko'p qavatli uylarda, hovlilarda, restoranlarda va hatto hukumat binolarida mavjud.

• Finlyandiya hukumati barcha yangi oilalarga “chaqaloq qutisi” beradi

Finlyandiyaning tug'ruq paketi - äitiyspakkaus yoki "chaqaloq qutisi" sifatida tanilgan. Bu hukumat tomonidan yangi tug'ilgan chaqaloqlarning ota-onalariga yuboriladigan to'plam hisoblanadi.

Qutida kiyim-kechak, ko'ylaklar, tagliklar va yuvinish vositalari kabi zarur narsalar mavjud. Qutining o'zi kichik to'shak va choyshab bilan jihozlangan bo'lib, u yangi tug'ilgan chaqaloqning uxlashi uchun xavfsiz joy sifatida taqdim etiladi.

• Mamlakatda "wife-carrying" deb nomlangan sport turi mavjud

"Wife-carrying" hozirda xalqaro sport turiga aylangan boʻlsada, jahon chempionatlari hamon Finlyandiyaning Sonkajärvi shahrida o'tkazilmoqda.

Bu sport an'anaviy tarzda to'siqlar yo'lini bosib o'tish paytida xotinini orqasiga ko'tarib olgan erkakdan iborat boʻladi. Yillar davomida qoidalar biroz o'zgargan va raqobatchilar o'zlarining haqiqiy turmush o'rtoqlarini olib yurishlari shart boʻlmay qolgan.

Oʻyinda ayol kishi kamida 17 yoshda bo'lishi va 49 kilogrammdan oz boʻlmagan vaznga ega bo'lishi zarur.

• Finlarda ichki kiyimda oʻtirib ichish ma’nosini anglatish uchun alohida bir so'z mavjud

"Kalsarikännit " uyda yolg'iz, ichki kiyimda ichishni anglatadi.

Shuningdek, finlarda boshqa tarjima qilib bo'lmaydigan so'zlar orasida birovning baxtsizligidan zavqlanish ma'nosini bildiruvchi "vahingonilo" va “sisu" - o'ziga xos qat'iyatlilik soʻzlari ham bor.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing