Qurilish industriyasi va turizmni rivojlantirishning yangi vazifalari belgilandi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Parkent tumanida qurilish materiallari sanoati va turizmni rivojlantirish masalalari yuzasidan investorlar hamda tadbirkorlar bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Qurilish industriyasi va turizmni rivojlantirishning yangi vazifalari belgilandi
Tadbir Kumushkon mahallasidagi “Oltin bel” sayyohlik majmuasida boʻlib oʻtdi.

Davlatimiz rahbari bir yil avval ushbu hududda yirik turizm majmuasini barpo etish vazifasi qoʻyilganini qayd etdi. Mahalliy loyihachilar, quruvchilar va ishlab chiqaruvchilarga imkoniyat berilgani natijasida qisqa muddatda 47 gektar maydonda zamonaviy dam olish maskani bunyod etildi.

Majmua bir vaqtning oʻzida 6 ming nafar insonga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega. Bu yerda 600 ta ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilgan, 300 nafar mutaxassis tayyorlangan. Qurilish va jihozlashda mahsulotlarning 95 foizi mahalliy korxonalardan olingani loyiha tannarxini 20 foizga arzonlashtirish imkonini berdi.

Ushbu tajribani boshqa hududlarda ham keng qoʻllash, qurilish industriyasi va turizmni bir-birini toʻldiradigan, oʻzaro yangi imkoniyatlar yaratadigan sohalarga aylantirish zarurligi taʼkidlandi.

Uchrashuvda dastlab qurilish materiallari sanoatida erishilgan natijalar va mavjud imkoniyatlar tahlil qilindi.

Soʻnggi oʻn yilda sohaga 12 milliard dollar investitsiya kiritilib, 5 mingdan ziyod zamonaviy korxona ishga tushirildi. Joriy yilda ishlab chiqarish hajmi 2016-yildagi 7 trillion soʻmdan 65 trillion soʻmga, eksport esa 75 million dollardan 1,5 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli qurilishlar va investitsiya loyihalari mahalliy mahsulotlar uchun katta bozor yaratmoqda. Qoʻshni davlatlar va yaqin mintaqalarda ham bu mahsulotlarga talab yuqori.

Yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish, mahalliy korxonalarning tashqi bozorlarga chiqishini qoʻllab-quvvatlash va logistika imkoniyatlarini kengaytirish orqali soha eksportini yaqin yillarda 5 milliard dollarga yetkazish mumkinligi bildirildi.

Qolaversa, mahsulotlar sifati, dizayni va raqobatbardoshligini oshirish dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda. Yurtimizda 161 turdagi qurilish materiali boʻyicha ichki talabni qoplashga yetarli quvvatlar yaratilgan boʻlsa-da, ayrim mahsulotlar importi yiliga 780 million dollarni tashkil etmoqda.

Shu bois, ichki bozor ehtiyojlarini chuqur oʻrganish, zamonaviy texnologiyalar va xalqaro brendlarni jalb etish asosida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish vazifasi qoʻyildi. Bu borada Turkiyaning “Betek” kompaniyasi bilan Zangiota tumanida 30 million dollarlik lok-boʻyoq zavodi qurilishi boshlanayotgani qayd etildi.

Yirik strategik loyihalarni mahalliy qurilish materiallari bilan taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, Jizzax viloyatidagi atom elektr stansiyasi qurilishi uchun 2,2 milliard dollarlik qurilish materiallari talab etiladi.

Shu maqsadda Egizbuloq mahallasida 200 gektar maydonda maxsus sanoat zonasi tashkil qilinib, 70 turdagi yangi mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Mutasaddilarga import oʻrnini bosuvchi va yirik loyihalarda talab yuqori boʻlgan mahsulotlarni aniqlab, umumiy qiymati 20 milliard dollarlik loyihalar boʻyicha amaliy ishlarni boshlash topshirildi.

Yangi turdagi yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun imtiyozli moliyaviy resurslar ajratish, korxonalarning energiya tejovchi uskunalar xaridi bilan bogʻliq xarajatlarini qisman qoplash choralari ham belgilandi.

Pardozbop toshlar sanoatida xomashyoni chuqur qayta ishlash va chiqindilardan samarali foydalanish imkoniyatlari koʻrib chiqildi. Yangi konlarni “nol chiqindi” tamoyili asosida oʻzlashtirish, mavjud konlar atrofida qayta ishlash korxonalarini tashkil etish vazifalari qoʻyildi.

Davlatimiz rahbari qurilish tannarxini pasaytirish va budjet mablagʻlaridan oqilona foydalanish masalalariga ham toʻxtaldi. Ayrim hududlarda oʻxshash obyektlar qurilishi qiymati sezilarli farq qilayotgani, bunga ortiqcha vositachilar va loyiha-smeta hujjatlarining qayta-qayta oʻzgartirilishi sabab boʻlayotgani tanqid qilindi.

Kelasi yildan budjet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan qurilishlarda birinchi navbatda mahalliy mahsulotlardan foydalanish talabi joriy etiladi. Davlat xaridlari portalida mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun maxsus savdo maydonchasi tashkil qilinadi.

Shuningdek, Yangi Toshkentda qurilish ishlarini olib borayotgan tadbirkorlarga mahalliy materiallar xaridiga yoʻnaltiriladigan 200 million dollarlik kredit liniyasi ochiladi.

Qurilish materiallari sifatini nazorat qilish va aholini xavfli mahsulotlardan himoyalash maqsadida Toshkent shahri, Fargʻona va Samarqandda uchta zamonaviy sinov laboratoriyasi tashkil etiladi. Loyiha institutlarini transformatsiya qilish, qurilishga ilgʻor texnologiyalarni joriy etish va bu jarayonga xususiy investorlarni jalb etish vazifalari ham belgilandi.

Uchrashuvning keyingi qismi turizmni rivojlantirish, xizmatlar sifatini oshirish va sohaga investitsiyalar jalb etish masalalariga bagʻishlandi.

Joriy yil boshidan mamlakatimizga 11,6 million nafar xorijlik sayyoh tashrif buyurdi. Soʻnggi ikki yilda uzoq xorijdan kelayotgan turistlarning yurtimizda boʻlish muddati oʻrtacha 6,5 kundan 8 kungacha uzaydi. Toʻlov qobiliyati yuqori sayyohlar ulushi 14 foizdan 21 foizga, bir turist sarflaydigan oʻrtacha mablagʻ esa 21 foizga oshdi.

Prezidentimiz turizmda endi asosiy eʼtiborni sayyohlar soni bilan birga xizmatlar sifatiga, ularning mamlakatimizda uzoqroq qolishi va koʻproq xarajat qilishi uchun sharoit yaratishga qaratish zarurligini taʼkidladi.

Buning uchun sohada tadbirkorlikni ragʻbatlantirish choralari kengaytirilmoqda. Mehmonxona qurilishi uchun imtiyozli moliyaviy resurslar ajratilmoqda, yer va mol-mulk soligʻi boʻyicha yengilliklar 2030-yilgacha uzaytirilgan. Turoperatorlar va turistik transport xizmatlari uchun ham qoʻshimcha imtiyozlar joriy etilgan.

Yaqin vaqtda qabul qilinishi rejalashtirilgan turizmni rivojlantirish strategiyasi doirasida xorijlik sayyohlar sonini 20 million nafarga, sohaning iqtisodiyotdagi ulushini 7 foizga, turizm xizmatlari eksportini esa 10 milliard dollarga yetkazish maqsad qilinmoqda.

Yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun hududlarda qoʻshimcha 5 ming gektar yer maydoni tayyorlanadi. Shuningdek, shakllantirilgan 11 milliard dollarlik turizm loyihalari boʻyicha bir oy ichida amaliy ishlarni boshlash topshirildi.

25-27-noyabr kunlari Toshkent shahrida oʻtkaziladigan turizm sohasidagi birinchi xalqaro investitsiya forumi yangi loyihalarni ilgari surish uchun muhim imkoniyat ekani qayd etildi. Unda 25 dan ortiq davlatdan 100 dan ziyod yirik investor ishtirok etishi kutilmoqda. Hududlar rahbarlari oldiga forumda aniq investitsiya kelishuvlariga erishish vazifasi qoʻyildi.

Sayyohlik maskanlarining yil davomida faoliyat yuritishini taʼminlash, savdo va koʻngilochar xizmatlarni koʻpaytirish, mavjud infratuzilmadan samarali foydalanish zarurligi taʼkidlandi.

Hududlardagi kongress markazlari, mehmonxonalar va turizm majmualarida yirik xalqaro tadbirlarni muntazam oʻtkazishga ham alohida eʼtibor qaratildi. Bundan buyon har bir vazir oʻz sohasi boʻyicha xalqaro tashkilotlarning yiliga kamida 3-4 ta yirik tadbirini mamlakatimizda oʻtkazishga masʼul boʻladi. Hukumatga bu borada ikki yillik rejani tasdiqlash topshirildi.

Turizmning yangi yoʻnalishlarini rivojlantirish doirasida havo sharlari, paraplan va deltaplan xizmatlarini yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari muhokama qilindi. Bu faoliyat uchun ruxsat olish tartibini yengillashtirish va kelasi yil har bir hududda kamida bitta shunday xizmat koʻrsatish maskanini tashkil etish vazifasi belgilandi.

Turistik manzillarga transport qatnovlarini sayyohlar ehtiyojiga moslashtirish masalasiga ham eʼtibor qaratildi. Ayrim yoʻnalishlarda poyezdlarning borish va qaytish vaqti turistlarning hudud bilan toʻlaqonli tanishishiga imkon bermayotgani qayd etildi. Mutasaddilarga bir oy ichida temir yoʻl va ichki aviaqatnovlar jadvalini qayta koʻrib chiqish topshirildi.

Xalqaro aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish ham muhim vazifa sifatida belgilandi. Hozir Oʻzbekistondan dunyoning 102 ta shahriga toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar mavjud. Xorijiy aviakompaniyalarni yangi yoʻnalishlarga jalb etish, jumladan, “beshinchi havo erkinligi” imkoniyatlaridan foydalanish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Shuningdek, sayyohlar uchun qulay toʻlov xizmatlarini yoʻlga qoʻyish, xalqaro toʻlov tizimlari bilan integratsiyani kengaytirish va turistik maskanlarda koʻchma savdo nuqtalarini koʻpaytirish choralari belgilandi.

Davlatimiz rahbari turizm sohasida fidokorona mehnat qilayotgan mutaxassislarni ragʻbatlantirish masalasiga ham toʻxtaldi. “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan turizm xodimi” faxriy unvonini taʼsis etish tashabbusi doirasida soha rivojiga munosib hissa qoʻshgan xodimlarni Mustaqillik bayrami arafasida taqdirlash taklif qilindi.

Uchrashuv yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev investor va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot oʻtkazib, ularning fikr-mulohazalari va takliflarini tingladi.

Shuning bilan davlatimiz rahbari Parkent tumaniga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing