Davlatimiz rahbari Farg‘onada tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi choralarni belgilab berdi

O'zbekiston

Quva tumanida 2024-yil 12-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda davlatimiz rahbarining matbuot xizmati.

Davlatimiz rahbari Farg‘onada tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi choralarni belgilab berdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘sib borayotgan aholi talabini ta’minlash uchun iqtisodiyotni izchil rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

“Kambag‘al deb qancha nafaqa to‘laganimiz bilan, ish topib bermasak, yana ijtimoiy yordamga qayta-qayta kelaveradi, boqimandalik kuchayib boraveradi. Shu bois endi kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya bir tizimda bo‘ladi. Buni respublikada Ijtimoiy himoya agentligi boshqaradi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xitoy tajribasi asosida 19 ta tuman-shaharning har biri sanoatning aniq yo‘nalishiga ixtisoslashtirilib, sanoat zonalari tashkil qilinadi.

Davlatimiz rahbari Farg‘onada sanoatga katta turtki beradigan loyihalarni ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi.

Xususan, energetika, neft-gaz va kimyo sohalarida 2 milliard dollarlik loyiha qilinadi. 700 million dollarlik investitsiya hisobidan 230 turdagi yangi qurilish materiallari ishlab chiqarish tashkil etiladi.

Farg‘ona tumanida 200 gektarda sanoat usulida Italiya va Polshaning serhosil malina navlarini ekiladi. Qo‘shtepa va Yozyovonda yuqori hosildor bodom, shaftoli, gilos va olxo‘ri bog‘lari barpo etiladi. Yirik bog‘bonlarning yerida muzlatkichli omborlar tashkil qilinadi.

Farg‘onada turizm salohiyati ham katta. Sayyohlarga qulaylik yaratish uchun Shohimardon va Yordon qishloqlariga vertolyot parvozini yo‘lga qo‘yish, “Vodil” va “Oq-qiya” postlariga xalqaro maqom berish masalasi ko‘rib chiqildi. Mutasaddilarga ushbu qishloqlar va Vodil shaharchasining master-rejasini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Farg‘ona tumanini turistik rekreatsion zona qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Davlatimiz rahbari jamoatchilik vakillari bilan ochiq muloqot qildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing