Oyga tijorat modulini qo'ndirishga ilk urinish muvaffaqiyatsiz yakunlandi

Dunyo

Yaponiya tomonidan ishlab chiqilgan, Birlashgan Arab Amirliklarining “Rashid” oy roverini olib yuruvchi “Hakuto-R” moduli Atlas krateri yaqinidagi Oyga qo‘nishga uringandan so‘ng aloqaga chiqa olmadi. “Hakuto-R”ni ishlab chiqqan Ispace kompaniyasi qurilma yo‘qolganini tan oldi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Oyga tijorat modulini qo'ndirishga ilk urinish muvaffaqiyatsiz yakunlandi
“Hakuto-R tarixda Oyga qo'nadigan birinchi tijorat moduli bo'lishi kerak edi. U 2022-yil 11-dekabrda Kanaveral kosmodromidan uchirilgan SpaceX raketasida koinotga chiqdi. “Hakuto-R”ning Oyga sayohati uch oy davom etdi, keyin qurilma o'z orbitasida yana bir necha hafta vaqt o'tkazdi. Qo‘nishga urinish Tokio vaqti bilan 01:40 atrofida amalga oshirilgan.

Rejalashtirilgan qo‘nish vaqtidan 20 minut o‘tib modul bilan aloqa o‘rnatish imkoni bo‘lmaganida, missiya rahbarlari uning muvaffaqiyatsiz yakunlanganini tan oldi. Hozirda sabablari aniqlashtirilmoqda.

“Hozirda biz apparat bilan aloqa o'rnatolmayapmiz. Qo'ngan paytgacha aloqamiz bor edi, lekin keyin aloqa uzildi. Tan olishimiz kerak, biz muvaffaqiyatli qo'nishni amalga oshira olmadik”, dedi Ispace ishlab chiqaruvchisi rahbari Takeshi Hakamada.

Ta'kidlash joizki, bugungi kungacha Oyga qo'nish faqat AQSh, SSSR va Xitoyning davlat missiyalari doirasida amalga oshirilgan. “Hakuto-R” kosmik sanoati va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda tarixiy voqea bo'lishi kutilgandi. Muvaffaqiyatsizlikka qaramay, bu oyni va umuman fazoni yanada tadqiq qilish yo'lidagi muhim qadamdir.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing