FEI 2027–2028 yillarda rivojlanayotgan ot sportini qo‘llab-quvvatlash ustuvor yo‘nalishlarini belgiladi

Sport

Xalqaro ot sporti federatsiyasi (FEI) Lozannada bo‘lib o‘tgan FEI Solidarity Committee yig‘ilishida milliy federatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari va sohani rivojlantirishning kelgusi rejalarini muhokama qildi. Yig‘ilishda O‘zbekiston ot sporti federatsiyasi raisi, III mintaqaviy guruhdan FEI Solidarity Committee a’zosi Bahromjon G‘oziyev ishtirok etdi.

FEI 2027–2028 yillarda rivojlanayotgan ot sportini qo‘llab-quvvatlash ustuvor yo‘nalishlarini belgiladi
Yig‘ilish 2026 yil 27–29 avgust kunlari Shveytsariyadagi FEI bosh qarorgohida bo‘lib o‘tdi. Unda bo‘lajak chempionatlar va o‘yinlar, FEI Solidarity loyihalari, shuningdek PAEC Akademiyasi faoliyati va uning xalqaro tashabbuslardagi, jumladan Argentina va Urugvaydagi loyihalardagi ishtiroki ko‘rib chiqildi.

Alohida e’tibor FEI ta’lim dasturlari va milliy federatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlariga qaratildi. Trinidad va Tobago, Barbados hamda Yamaykadagi ot sportini rivojlantirish va milliy federatsiyalar salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar misol sifatida tahlil qilindi.

Qo‘mita amalga oshirilgan loyihalar natijalari va ularning samaradorlik ko‘rsatkichlarini ham ko‘rib chiqdi, yilning ikkinchi yarmi uchun ustuvor vazifalarni belgiladi, FEI Solidarity Fund moliyaviy masalalari hamda 2027 yilgi byudjet loyihasini muhokama qildi.

Muhokamalar yakunida 2027–2028 yillarga mo‘ljallangan asosiy ish yo‘nalishlari belgilandi. Faol rivojlanish bosqichidagi mamlakatlar va milliy federatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilishi rejalashtirilgan.

Bahromjon G‘oziyev yig‘ilishda III mintaqaviy guruhdan FEI Solidarity Committee a’zosi sifatida qatnashdi. O‘zbekiston vakillarining FEI tuzilmalaridagi ishtiroki milliy federatsiyaning ot sportini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xalqaro muhokamalarda qatnashishiga xizmat qilmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing