Fransiya Rossiyaning nobiometrik pasportlarini tan olishni to‘xtatmoqda

Dunyo

So‘nggi yillarda Rossiya fuqarolari uchun Fransiya Shengen vizasini olishda eng ommabop manzillardan biri bo‘lib kelayotgandi. Hatto Ukrainadagi urush boshlanganidan keyin ham, Fransiya Rossiyaga nisbatan o‘z viza siyosatini Yevropa Ittifoqi davlatlari orasida eng liberallaridan biri sifatida saqlab qolgan edi. Biroq endilikda vaziyat o‘zgardi. Fransiya Rossiyaning besh yil muddatga beriladigan nobiometrik xorijga chiqish pasportlarini amaldagi hujjat sifatida tan olishni to‘xtatmoqda.

Fransiya Rossiyaning nobiometrik pasportlarini tan olishni to‘xtatmoqda
Bu haqida ilk ma’lumot Rossiyada Shengen vizalari bilan shug‘ullanadigan VMS viza markazi saytida paydo bo‘ldi. Rasmiy xabarga ko‘ra, rossiyalik sayohatchilar hali qisqa muddatga, agar viza 3 mayga qadar rasmiylashtirilsa, Fransiyaga nobiometrik pasport bilan kirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shundan so‘ng esa bu imkoniyat bekor qilinadi.

Yevropa Ittifoqi kengashining rasmiy saytida keltirilgan ma’lumotga ko‘ra, bundan faqat 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga berilgan nobiometrik pasportlar mustasno qilinmoqda. Demak, katta yoshdagi rossiyaliklar uchun yangi biometrik pasportga ega bo‘lish talabi endilikda Fransiyaga kirishning asosiy sharti bo‘lmoqda.

E’tiborga molik jihati shuki, Fransiyaning Rossiyadagi elchixonasi hali bu borada rasmiy bayonot bermagan. Shuningdek, Fransiyada yashayotgan Rossiya fuqarolari o‘z nobiometrik pasportlarini qachongacha yangilashlari kerakligi haqida ham aniq ko‘rsatma e’lon qilinmadi.

Bu qaror nafaqat Fransiyani, balki boshqa bir qator Yevropa davlatlarini ham aks ettiradi. Chunki bundan avval Chexiya, Estoniya va Daniya ham Rossiyaning biometrik bo‘lmagan pasportlarini tan olishni to‘xtatgan edi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing