Gayane Umerova kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish kengashiga rahbarlik qiladi

O'zbekiston

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kreativ sohalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqladi. 17-fevraldagi qarorga muvofiq Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha Respublika kengashi tashkil etildi.

Gayane Umerova kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish kengashiga rahbarlik qiladi
Yangi organni Prezident Administratsiyasi huzuridagi kreativ iqtisodiyot va turizmni rivojlantirish departamenti hamda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi direktori Gayane Umerova boshqaradi.

Kengash 15 kishidan iborat bo‘ladi. Uning tarkibiga raqamli rivojlanish vaziri Sherzod Shermatov, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, adliya vaziri Akbar Tashkulov va boshqa mas’ul idoralar rahbarlari kiritildi.

Kengash kreativ iqtisodiyotga oid faoliyat turlarini aniqlash, istiqbolli yo‘nalishlarni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish, eksport salohiyatini oshirish va milliy kreativ biznesni jahon bozoriga chiqarish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.

Shuningdek, kontentni monetizatsiya qilish, intellektual mulk va mualliflik huquqlarini himoya qilish, Kreativ park faoliyatini takomillashtirish, kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing