YI Britaniya va Ukraina bilan harbiy ittifoq tuzishni rejalashtirmoqda

Dunyo

Yevropa xavfsizlik tizimini tubdan qayta qurish davriga qadam qo‘ymoqda. NATOning kelajagi borasidagi noaniqliklar kuchayib borayotgan bir paytda, Bryusselda nafaqat Yevroittifoq davlatlarini, balki blokdan tashqaridagi asosiy hamkorlar — Buyuk Britaniya, Norvegiya va Ukrainani birlashtiradigan yangi Yevropa mudofaa ittifoqini tuzish rasman taklif qilindi.

YI Britaniya va Ukraina bilan harbiy ittifoq tuzishni rejalashtirmoqda
YI mudofaa komissari Andryus Kubilyus maxsus hukumatlararo shartnoma tuzish tashabbusi bilan chiqdi. Uning fikricha, YI ning amaldagi huquqiy bazasi to‘laqonli harbiy blok yaratishga imkon bermaydi, shuning uchun yangi ittifoq Shengen kelishuvi modeliga ko‘ra qurilishi kerak. Loyihaning asosiy maqsadi — Yevropaga o‘zini mustaqil ravishda himoya qilish imkoniyatini ta’minlashdir. Bu, ayniqsa, Donald Tramp boshchiligidagi AQSH NATOni tobora ko‘proq “qog‘oz yo‘lbars” deb atayotgan va ittifoqdan chiqish yoki ittifoqchilar uchun qat’iy talablar (mudofaa xarajatlari YaIMning kamida 5 foizi miqdorida) joriy etish bilan tahdid qilayotgan sharoitda o‘ta muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Avvalroq Ursula fon der Lyayen tomonidan ilgari surilgan “Yevropa armiyasi” yoki harbiy-sanoat majmuasini chuqur muvofiqlashtirish g‘oyasi endilikda favqulodda “B rejasi” xususiyatlarini kasb etmoqda. Garchi mudofaa rasman milliy hukumatlar ixtiyorida qolsa-da, Bryussel xarajatlarni va ishlab chiqarish quvvatlarini keskin oshirishni talab qilmoqda. Ekspertlarning ta’kidlashicha, AQSH manfaatlarining Hind-Tinch okeani mintaqasiga yo‘naltirilishi va Vashingtonning Eron masalasida ittifoqchilar bilan kelishmovchiliklari Yevropaga o‘zining mustaqil xavfsizlik arxitekturasini yaratishni tezlashtirishdan boshqa chora qoldirmayapti.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing